Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Bo'limlar

Zulfiqor Musoqovning shifokorlar haqidagi filmi taqdimoti o‘tkazildi

Madaniyat-san’at

image

Kecha, 2 dekabr kuni “Kinochilar uyi”da rejissyor Zulfiqor Musoqov tomonidan suratga olingan “Kasallik tarixi” filmining OAV xodimlari uchun yopiq taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Kasallik tarixi” filmi bir shifokorning kechinmalarini o‘zida aks ettirgan. Undagi voqealar do‘stlik, xiyonat, yolg‘on, amal kursisiga qo‘yilgan ruju va sof insoniy tuyg‘ular haqida hikoya qiladi.

Kinoasarda rollarni Nigora Karimboyeva, Seydulla Moldaxanov, Otabek Musayev, Bobur Yo‘ldoshev, Feruza Saidova va Mariya Soshinalar ijro etgan.

E’tiborlisi kinodagi barcha voqeliklar ikki xonali uyda yuz beradi. Film rejissyori va ssenariy muallifi Zulfiqor Musoqovga ko‘ra, kartina g‘oyasi vujudga kelganiga bir necha yil bo‘lgan va hattoki, loyiha kassabopligiga bildirilgan shubhalar ham ijodkorni to‘xtata olmagan. Rejissyorning aytishicha, film g‘oyasini aktyor Otabek Musayev bergan.

“Bosh qahramonlarni gavdalantirgan aktyorlarning deyarli hammasi mening ko‘p yillik qadrdonlarim. Shuning uchun ularni yig‘dimda, “kelinglar o‘zimiz suratga olib ko‘ramiz, lekin bu tashabbusimiz nima bilan tugashini bilmayman”, dedim. Seydulla Moldaxanov Rossiyada ham taniqli aktyorlardan, unga katta gonorar berolmasligimni aytganimda ham rad etmadi. Keyin ozgina pul topib, hattoki “qarzga botib” xomaki nusxasini suratga oldik va O‘zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markaziga ko‘rsatdik. Ular “kino yoshlar uchun emas ekan, kassabop film bo‘lmasa kerak”, deb aytdi. Shunda men tomoshabinlar faqat yoshlardan iborat bo‘lmaydi, biroz bo‘lsa-da fikrlashga chorlaydigan kino yaratishimiz zarur deganimdan keyin ular rozi bo‘ldi va hamkor sifatida moliyaviy yordam berdi”, deydi Musoqov.

Rejissyor o‘z hayotida sodir bo‘lgan voqea tufayli ushbu kartinaning ssenariysini yozishga kirishganini ta’kidladi.

“Bundan uch yil oldin, shifokorning xatosini deb o‘g‘limdan ajrab qolishimga oz qoldi. Bir sutka davomida o‘g‘lim o‘lim bilan olishdi. Ana o‘sha vaqtda farzandimga biror narsa bo‘lsa men nima qilaman, deb dod solganman. Shundan keyin ular bolamni qutqarib qolgan. Mana shu ichki darddan xalos bo‘lish uchun bu filmni tasvirga oldim. Ssenariyni tibbiyot fanlari doktorlari bilan maslahatlashdik. Bu kinoni shifokorlarga ko‘rsatib, “shunday holatlar ham yuz beradimi”, deb so‘raganimda, “bundan battarlari ham bo‘ladi”, deb javob berishdi”, deydi rejissyor.

“Kasallik tarixi” kinofilmida Zulfiqor Musoqovning o‘zi ham rolni ijro etgan va bosh qahramon Seydulla Moldaxanovga dublyajda ovoz bergan. Ijodkor bu holatga ham izoh berdi.

“Seydullaxon o‘zbek tiliga biroz no‘noqroq. Shu sababdan ko‘p aktyorlarni tanlovdan o‘tkazdik, lekin rejissyor va ssenariy muallifi sifatida o‘zim xohlagan natijani ko‘rmadim. Shu sababdan qahramonning fikrlari va his-tuyg‘ularini yurakdan chiqarib berishni xohladim. Ammo bunga ko‘p aktyorlarimiz qarshi bo‘ldi. Biroq qarorim o‘zgarishsiz qoldi”, deydi Musoqov.

Bosh qahramonlardan biri Nigora Karimboyeva kinoni suratga olish jarayonidagi o‘ziga xos jihatlar haqida so‘z yuritdi.

“Vazir rolini ijro etish jarayonida agar o‘zim rahbar bo‘lsam nima bo‘lardi, degan savolni o‘zimga berdim va javobni ekranda namoyish etdim. Bitta manzilda suratga olingan filmda birinchi bor ishladim. Bu menga juda ham yoqdi. Bu aktyordan kuchliroq ishlashni talab qilar ekan. Sababi manzillar almashaversa, bu tomoshabinni ham chalg‘itib qo‘yadi. Filmda yuzlarimiz katta-katta planlarda namoyish etilgan. Hattoki montajda ham ko‘rinishimizga ishlov berilmagan. Ajinlarimiz, ko‘z yoshimiz, qosh-ko‘zlarimizning qimirlashi ham ochiq-oydin ko‘rsatib berilgan. Ishlatilgan har bir termini qayta-qayta tekshirtirdim. Noto‘g‘ri aytib qo‘ymaylik, tomoshabinlar orasida shifokorlar ham bo‘ladi. Agar noto‘g‘ri aytsak buni payqashadi, dedim. Shunday mas’uliyatli vazifadan o‘tib olganimdan xursandman”, deydi u.

Ma’lumot o‘rnida, rejissyor Zulfiqor Musoqov QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusi vaqtida hozirda “Osmondagi bolalar-3” filmi ustida ishlayotgani haqida aytgan edi. Shuningdek, rejissyorning “Jekson va uning nabirasi”, “Mening akam Akbar”, “Alvido, Uchquduq” va “Hotamtoy” kabi filmlar ssenariylari badiiy kengash tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. 

 


Maqola muallifi

Teglar

fil'm kino Zulfiqor Musoqov Kasallik tarixi Nigora Karimboeva

Baholaganlar

72

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Яндекс.Метрика