Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Bo'limlar

Yevropa AQSHsiz muammoga duch keladi – Finlyandiya bosh vaziri

Olam

image

Finlyandiya bosh vaziri Sanna Marin Yevropa Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga yakka o‘zi qarshilik ko‘rsatishga yetarli darajada kuchli emasligi va AQSH ko‘magiga tayanishga majbur ekanini aytdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

NATOga a’zo bo‘lgan davlat rahbari Avstraliyaga tashrifi chog‘ida Yevropaning mudofaasini kuchaytirish kerakligini aytdi.

“Men siz bilan shafqatsizlarcha rostgo‘y bo‘lishim kerak, Yevropa hozir yetarlicha kuchli emas. AQSHsiz biz muammoga duch kelamiz”, dedi u.

Qayd etilishicha, AQSH Ukrainaga eng yirik harbiy yordam ko‘rsatuvchi davlat hisoblanadi. Fevral oyida urush boshlanganidan beri u yordam uchun 18,6 milliard dollar ajratgan. 

Germaniyaning Kil shahridagi Jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina uchun ikkinchi yirik donor Yevropa Ittifoqi, undan keyin esa Buyuk Britaniya bo‘lgan. Ammo ularning hissasi AQSHnikiga nisbatan ancha kam.

Ta’kidlash joizki, Yevropa davlatlarining harbiy zaxiralari Ukrainaga yetkazib berilayotgani sababli tugab boryapti. Shunday bir paytda, Finlyandiya bosh vaziri Yevropa mudofaasini kuchaytirish ustida ishlashga chaqirmoqda.

“AQSH Ukrainaga juda ko‘p harbiy, moliyaviy, insonparvarlik yordami berdi. Yevropa esa hali yetarli darajada kuchli emas. Biz Yevropa mudofaasi, Yevropa harbiy sanoati haqida gap ketganda o‘z imkoniyatlarimizga va turli vaziyatlarda bardosh bera olishimizga ishonch hosil qilishimiz kerak”, dedi Sanna Marin Sidneydagi Lou instituti tahlil markazida.

Shuningdek, bosh vazir Marin so‘nggi o‘n yilliklarda Yevropaning ayrim davlatlari Rossiya bilan yaqinroq aloqalarni o‘rnatishga urinishlarini tanqid qildi. 

“Uzoq vaqt davomida Yevropa Rossiya uchun... Rossiyadan energiya sotib olish va bu iqtisodiy aloqalarni yaqinlashtirish strategiyasini ishlab chiqdi va biz bu urushning oldini oladi deb o‘ylagan edik”, deya ta’kidladi bosh vazir.

Ammo uning aytishicha, “bu butunlay noto‘g‘ri ekanligi isbotlangan”.

Ma’lumot uchun, Rossiya bilan chegaradosh Finlyandiya joriy yilning may oyida NATOga a’zo bo‘lish uchun rasman ariza bergan edi. Qo‘shilish protokollari iyul oyida imzolangan. Ammo ular hali barcha boshqa a’zolar tomonidan ratifikatsiya qilinmagan.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

115

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Яндекс.Метрика