Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Bo'limlar

O‘zbek futbolidagi inqilob, Ahmedovning oshkor qilinmagan ishi, adolatsiz hakamlar – Diyor Imomxo‘jayev bilan suhbat

Intervyu

2022 yilda ko‘pchilikka jurnalistik faoliyatini bilan yaxshi tanish bo‘lgan Diyor Imomxo‘jayev O‘zPFL rahbari etib tasdiqlandi. O‘zPFL bu O‘zbekiston hududida futbol jamoalari o‘rtasida tegishli ravishda Superliga, Pro liga, Birinchi liga, ayollar Oliy ligasi, ayollar Birinchi ligasi, futzal Oliy ligasi va Birinchi ligasi, O‘zbekiston kubogi, Liga Kubogi, O‘zbekiston Superkubogi, O‘zbekiston U-19 chempionatidan boshlab O‘zbekiston U-21 chempionatigacha bo‘lgan barcha yosh toifalaridagi va boshqa shu kabi professional futbol musobaqalari o‘tkazishni muvofiqlashtirish, futbol klublari o‘rtasida musobaqalar tashkil etish va o‘tkazish, ularning sport va tashkiliy-boshqaruv faoliyati hamda o‘zaro munosabatlari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berib borish ishlarini amalga oshiruvchi tashkilot hisoblanadi. Ya’ni bu tashkilot O‘zbekistonda futbol rivojlanishining asosiy negizini belgilab beradi.

Har mavsumda futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarda, hakamlarning qo‘pol xatolarida, odatda PFL va uning rahbari aybdor qilinadi. Aslida bu qanchalik to‘g‘ri? Futbolimizni futbol ichida bo‘lmagan kishi boshqarishi o‘rinlimi? Umid Ahmadjonovning sportimizda qisqa faoliyat yuritishi, uni juda tez ishdan olinishi adolatdanmi? Odil Ahmedov Namangan futboliga yon bosyaptimi? Qachon futbolimiz kelishilgan va shubhali o‘yinlardan qutiladi? QALAMPIR.UZ Diyor Imomxo‘ajayev bilan suhbat uyushtirib, yuqoridagi savollarga imkon qadar javob oldi.

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Shahzod Shukurov, muxbir: — Sizningcha, o‘tgan mavsumda PFLning eng katta yutug‘i nima bo‘ldi? O‘tgan mavsumdan ko‘nglingiz to‘ldimi?

Diyor Imomxo‘jayev, O‘zPFL bosh direktori: — O‘tgan mavsumdan ko‘nglim to‘ldi desam biz o‘sishdan to‘xtab qolishimiz mumkin. Ko‘pgina ko‘nglim to‘lmagan jihatlar bo‘ldi, lekin oldimizga qo‘ygan rejalarni aksariyatini bajarishga erishdik, shu nuqtai nazardan men o‘tgan mavsumni qoniqarli o‘tdi deb o‘ylayman. Superliga va Pro-ligada raqobat oxirigacha bo‘ldi va bu biz kutgan narsa. Kamchililarimiz haqida yaxshi bilamiz va maqsadimiz shu kamchiliklarni bitta-bitta to‘g‘irlab borish hisoblanadi.

Sh.Sh.: — Chempionatning so‘nggi turlarida ayrim (“Surxon”-“Lokomotiv” “Surxon”-“Qizilqum”) uchrashuvlari shubhali tuyildi, hatto o‘z Telegram kanalingizda o‘sha o‘yinlarga aloqador postlarni qo‘ydingiz.  Shubhali o‘yinlarni seza turib, biror chora ko‘rishning iloji yuqmi?

D.I.:—Agar biz biror o‘yindan shubhalansak, bunga loqayd qaramaymiz. Biz o‘zimiz shubhali deb topgan o‘yinlar haqida maxsus inspeksiyaga ma’lumot beramiz va inspeksiya bu bo‘yicha ish boshlaydi. Inspeksiya FIFA va AFKga xat yo‘llab, ularning fikrlari bilan tanishadi. Yildan-yilga shubahli o‘yinlar soni kamayib boryapti, ammo mavsum oxirida 2-3 ta shubhali o‘yinlar chiqdi. Biz futbol ichidagi insonmiz va biz ham ana shunday o‘yinlardan nafratlanamiz, nafratimizni esa klub va futbolchilar his qilib turishi kerak.

Sh.Sh.: — Navoiyning “Qizilqum” PFK bosh murabbiyi Nikola Lazarevich O‘zbekiston kubogi 1-turidan o‘rin olgan “Navbahor” bilan o‘yindan keyin jamoa futbolchilarini  “o‘yinni berib yuborganlikda”da aybladi. Bunday holatlarga PFLning pozitsiyasi qanday?

D.I.:— Men bu ish hali yakuniga yetgan deb hisoblamayman. Kelishilgan o‘yinlarni aniqlash bir necha yillarni ham tashkil qilishi mumkin. Bu biz uchun bir kalavaning uchi. Lazarevich shu fikr bilan chiqdi, demak nimadir bor. O‘sha intervyudan so‘ng “Qizilqum”ning ichki muhiti buzildi. Murabbiyning klubdagi ichki muammolarni jamoatchilikka oshkor qilishi aslida noto‘g‘ri, lekin bu biz uchun yaxshi, chunki endi birinchi insident bor. Bu holatni o‘rganishimiz shart va bu bizga ko‘p muammolarni ochib beradi.

Sh.Sh.: — Yakunlangan mavsumda hakamlarning qo‘pol xatolari chempionlik uchun intrigaga ta’sir qildi (markaziy baxslarda tajribasiz yoki saviyasiz hakamlar ishladi (“Navbahor”-“Qizilqum”, “Navbahor”-“Paxtakor”), bu gapni titul uchun kurashgan top 5 klublar murabbiylari xam tasdiqladi. Xo‘sh, bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun PFL qanday kurashyapti?

D.I.:— Murabbiylar birinchi navbatda o‘zini saviyasi haqida qayg‘ ursin. Hakamlarimiz xalqaro darajada ishlayapti, futbolchilarimiz “Roma”gacha yetib borishdi. Xorijda birorta muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonlik murabbiyni bilasizmi? Hakamlarning qo‘pol xatolari Angliya va Ispaniyada ham bor. Hakam xatoni ataylab qildimi yoki bilmasdan,bu bir-biridan farq qiladigan masala. Men hakamlar o‘yin sifatiga eng kam ta’sir qilgan yil sifatida 2022 yilni aytaman. Hammasiga hakam aybdor degan murabbiy bilan bemalol birga-bir gaplashishga tayyormiz. Biz qaysi klub aslida qanday ishlayapti, qaysi murabbiy o‘z ustida qanday ishlayapti, kim yaxshi seleksioner hammasini yaxshi bilamiz.

Sh.Sh.: — Agar sizning qo‘lingizda futbolimizdagi bir insonni ishdan bo‘shatish vakolati bulganida, u “qahramon” kim bo‘lar edi? Nega?

D.I.:— Men uni sizga aytmayman. Men jarayonning ichidaman. Futbolni ichida agar bitta insonni bo‘shatish bilan futbol yaxshilanib qoladigan bo‘lsa, allaqachon shu ish qilinishi kerak edi. Meni eng yomon ko‘rgan narsam shaxslarga qarshi kurashish. Men tizimni to‘g‘irlashga harakat qilaman. Tizim to‘g‘ri ishlasa bu joyda hech qanaqa Diyor, Ravshan yoki Odil bo‘lishi shartmas. Bizgacha ham bu tizim normal holatda ishlagan bo‘lishi kerak, ya’ni bizni tiyib turadigan mexanizmlar ham bo‘lishi kerak. O‘zimizning muammolar haqida yaxshi tasavvurga egamiz va bu muammolar kimningdir ishdan bo‘shatilishi bilan hal bo‘lib qoladi deb o‘ylamayman. 

Sh.Sh.: — Futbolimizda Ahmadjonov davridagi siyosat hozirgisi bilan qanday fark qiladi? O‘FA rahbarlarning tez-tez almashishi o‘zbek futbolini rivojlanishiga salbiy ta’sir qilmaydimi?

D.I.:— To‘g‘ri Umid Ahmadjonovga juda ko‘p imkoniyat berilmadi. Umid Ahmadjonov o‘zbek futbolida inqilob qila olgan inson sifatida tarixda qoladi. Rahbar futbolda 20-30 yil ishlashi ham shart emas. Bizdan keyin kelgan rahbar biz ko‘ra olmayaotgan qandaydir yangiliklarni futbolga olib kirishi mumkin. Ahmadjonovgacha bo‘lgan davrdagi futbol bilan, Ahmadjonovdan keyingi futbol keskin o‘zgardi. Futbolni ichida yurgan odam bunday inqilob qila olmas edi. 

Sh.Sh.: —  Odil Ahmedov futbolimizda ish boshlaganidan so‘ng, ajablanarlisi, u tug‘ilgan va ukasi to‘p tepayotgan Namangan viloyati futboliga hakamlar tomonidan ko‘p yon bosa boshlandi, buni siz xam sezdingizmi? Yo bu shunchaki tasodifmi?

D.I.:—Bu shunachaki, tasodif. Odil Ahmedov hakamlik faoliyatini yaxshilashga o‘zining hissasini qo‘shdi. “Paxtakor” – “Navbahor” (1:0) o‘yinida hakam to‘g‘ri ishlaganligi, vijdonini sotmaganligi uchun Odil Ahmedov o‘z yonidan hakamga mukofot puli bergan. Agar, Odil Ahmedov futbolga mabodo yomon tarafdan ta’sir qilsa, Ahmedovda zo‘r futbolchi bo‘lsa ham men undan nafratlangan bo‘lardim. Odil Ahmedovga nisbatan e’lon qilinayotgan ayblovlar qanchalik normal bo‘lmasin, men buni noxolis deb hisoblayman. 

Sh.Sh.: — Yaqinda keyingi mavsum uchun reglament yana o‘zgarishi mumkin degan xabarlar tarqaldi. Bunga sabab nima? Har mavsum turli hil reglamentlarda uynashga nima majbur qiladi? PFL bu borada klublar bilan maslahatlashadimi?

D.I.:— Har yili Superligada ishtirok etadigan jamoalar sonini 16 taga yetkazish masalasi ko‘tariladi. Bu narsa har yili sentyabrdan boshlanadi, chunki sentyabrdan boshlab Superligadan tushib ketishga yaqin kelayotgan klublar jamoalar sonini 16 taga oshirish bo‘yicha taklif bilan chiqadi. Agar klublar sport prinsipini, ya’ni xolislikni hurmat qilsa futbol o‘z-o‘zidan rivojlanadi. Superligada ishtirok etadigan jamoalar soni ko‘paygani yaxshi lekin, buning uchun O‘zbekistonda talabga javob beradigan klublar soni ham ko‘p bo‘lishi kerak. Yangi formatga ko‘ra, murabbiylar talabiga binoan o‘yinlar sonini ko‘paytirdik, endi Superligada 10-o‘rinda turgan jamoaning ham yuragida hadik bo‘ladi. 

Sh.Sh.: —  Yakunlangan mavsumda Superligada qaysi jamoa chempion bo‘lishini taxmin qilgandingiz va nima uchun?

D.I.:—Uchta jamoa haqida taxminim bo‘lgandi. 24-turga kelib ham men “Nasaf” chempion bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim, lekin o‘z uyida Farg‘ona klubiga imkoniyatni boy berdi. Misol uchun “Paxtakor” “Neftchi”ga mukofot puli e’lon qildi, “Navbahor” “Bunyodkor”ga va bu normal holat, ya’ni yutib berish uchun berilgan pul bu mukofot, yutqazib berish uchun berilgan pul esa korrupsiya hisoblanadi.  

Sh.Sh.: —  O‘tgan mavsumda sizga yoqqan eng zo‘r bahs qaysi bo‘ldi?

D.I.:—Men bittasini alohida ajratib ko‘rsatmoqchi emasman, chunki chempionlik uchun kurashgan uchta jamoaning o‘zaro o‘yinlari ham top darajada o‘tdi. 

Sh.Sh.: — Qaysi viloyatda haliyam stadionlar bilan bog‘liq muammo bor?

D.I.:—Andijon va Jizzaxda stadionni ta’mirlash ishlari boshlandi, shuningdek Bekobod va Olmaliqqa ham o‘ziga xos talablar qo‘yilgan. Oldindagi 2-3 yil ichida stadionlarning chimi juda yaxshi holatda bo‘lishini kutyapmiz. Har bir jamoa maydon uchun kamida 1 mlrd ajratishi kerak. 

Sh.Sh.: — “Bunyodkor” stadionida holat qanday?

D.I.:—Nasib bo‘lsa, Bunyodkor stadioni fevralgacha tayyor bo‘ladi. Stadionda boshidan drenaj tizimida xatolik bo‘lgan. 10 yillar davomida stadionda drenaj tizimi ishlamagan. Stadionda havo aylanish tizimini yaxshilash uchun maydon 1-1,5 metr tepaga ko‘tarildi. Endi “Bunyodkor” stadionida futbol ko‘rish zo‘r bo‘ladi. 

Sh.Sh.: —  Davron Fayziyev federatsiyada ishlab turib, sharhlovchilik qilishga ulgurmoqda, Nega sizda bu borada muammo bo‘lyapti? Imomxo‘ajayev sharhga qaytmaydimi?

D.I.:—Menda hattoki JCH o‘yinlarini ko‘rishda ham muammo bo‘lyapti. Menda ishlar biroz ko‘proq, hatto oilamga vaqt ajratishga ham qiynalaman. Misol uchun, futbol sharhlariga vaqt ajratib yursam ham bo‘lardi, lekin PFL o‘zim xohlaganday o‘sishga erishmasdi. Agar qachondir sharhga qaytish nasib qilgan bo‘lsa qaytaman, lekin menda sharhsiz yasholmayman degan qarash ham yo‘q.

Sh.Sh.: — Srechko Katanets O‘zbekiston milliy terma jamoasini JCHga olib chiqishiga ishonasizmi?

D.I.:— Ishonaman, ya’ni umid qilaman. Katanetsning o‘ziga xos prinsiplari bor va men buni hurmat qilaman. Juda qattiq, ishonamanki, 2026 yilda mundialga boramiz. Agar terma jamoamiz AQSH, Meksika va Kanada mezbonlik qiladigan JCHga chiqsa, biz muxlislar qo‘llab-quvvatlashi borasida katta muammoga duch kelmaymiz. 

Sh.Sh.: — Sizningcha, mundial kanday o‘tmokda? Qaysi termaning imkoniyatlarini yuqori baxolaysiz?

D.I.:—JCH zo‘r o‘tyapti. Braziliya tarkib va o‘yin jihatdan kuchli, lekin men Argentina va Angliyani ham bu qatorga qo‘shgan bo‘lardim. Men bekitmayman, Angliyaning oddiy ligalaridagi eng pastki pog‘onalarda yurgan jamoasini ham yaxshi ko‘raman, chunki Angliya boshqa darajada. Bu mundialda kutilmagan natijalar ko‘p. Futbol o‘zgaryapti.

Sh.Sh.: — Ko‘pchilik muxlislar Qatar tashkiliy masala bilan birgalikda, umuman musobaqada ham munosib ishtirok eta oladi deb o‘ylagandi? Ammo jamoa hattoki guruhda ochko ham to‘play olmadi. Nima deb o‘ylaysiz Qatarning ispancha tizimdagi futbolining kuchi uzog‘i Osiyo kubogini yutishga yetadimi?

D.I.:— Qatar mundial o‘yinlarini yutishni reja qilmagan. Qatar Osiyoda yetakchi bo‘lib ajralib chiqdi.  Ular mundialgacha hamma narsaga xop deb turdi, mundialni ko‘chirish imkoniyati yo‘q bo‘lganda Qatar o‘z shartlarini qo‘ya boshladi. JCHdagi uchta o‘yinda yutqazish mezbonlar uchun arzimas narsa. Osiyo kubogini yutish esa juda katta narsa. Qatar axborot xuruji bilan sindirib qo‘yildi. Yaponiya va Saudiyaga ham qoyil qolish kerak. Men Osiyo jamoalarining hammasiga muxlisman, Osiyoda futbol kuchaysa, O‘zbekistonda ham futbol o‘sadi.

Sh.Sh.: — JCHda qaysi jamoa siz kutgandan ko‘ra yaxshiroq o‘ynayapti?

D.I.:—Hamma o‘yinlarni ko‘rishga imkonim bo‘lmayapti. Braziliya kutganimday o‘ynayapti, inglizlar esa progmatik futbol o‘ynashni o‘rganyapti. Angliya doim ochiq futbol o‘ynab, kaltak yeb qolavergan. Kuchli jamoalar katta musobaqalarni “daxshatli” natijalar bilan boshlamaydi. Ular o‘yindan-o‘yinga tempni oshirib boradi, ya’ni aqlli o‘yin ko‘rsatadi. 

Sh.Sh.: — Mundialda siz ko‘rishni istayotgan to‘qnashuv qaysi?

D.I.:—Argentina-Porugaliya to‘qnashishini xohlayman. Bugungi kun futbolida ikki futbolchi top darajada ajralib ulgurgan. Bu ikki futbolchini o‘yinini har qanday holatda ko‘rish insonga zavq beradi.

Blits savollar

— JCHda qaysi terma uzoqroqqa bora oladi deb o‘ylaysiz Portugaliya yoki Argentina?

— Portugaliya.

— Hozirgi O‘zbekiston terma jamoasining o‘yini mundialdagi Qatar terma jamoasining o‘yinidan kuchliroqmi?

— Bir nima deya olmayman. Ikki jamoa o‘zaro o‘yin o‘tkazsa bilib olamiz.

— JCHda qaysi Osiyo jamoasi yaxshiroq natija qayd eta oladi deb o‘ylaysiz Yaponiya yoki Avstraliya?

— Yaponiya

Sh.Sh.: — Diyor Imomxo‘jayevning ramziy terma jamoasidan qaysi futbolchilar o‘rin olgan bo‘lardi?

D.I.:— Hujumda aniq Messi, Ronaldu va Ibragimovich bo‘lardi. Darvozaga Buffonni qo‘yardim. Bu narsani juda ko‘p o‘ylash kerak. To‘g‘risi, bu qiyin narsa, chunki men "Oltin to‘p" berilishini yoki zo‘r futbolchilardan ramziy terma jamoa tuzishni ham ob’ektiv yondashuv deb bilmayman. Murabbylardan Fergyusen, Anchelotti, Gvardiola va Klopp yoqadi. Men futbol muxlisiman. Xullas, hamma top jamoa,futbolchi va murabbiyni hurmat qilaman.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

297

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Яндекс.Метрика