Kecha, 20 aprel kuni Toshkentda tug‘ma nuqsoni bo‘lgan uch yoshli qizaloqning umurtqa pog‘onasida noyob jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qibraylik uch yoshli qizaloq skolioz kasalligining eng og‘ir darajasi bilan tug‘ilgan. Ustiga-ustak, rivojlanish nuqsoni umurtqa pog‘onasining buyin, ko‘krak va bel-dumg‘aza qismlarida ham bo‘lgan. 20 aprel kuni Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ana shu qizaloqning umurtqa pog‘onasida noyob jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
“Muolaja 3 soat davom etdi. Unda umurtqa pog‘onasi skoliotik deformatsiyani korreksiyalash va endokorrektor-fiksatsiyalash amaliyoti o‘tkazildi. Jonlantirish bo‘limidagi bir kunlik intensiv muolajalardan so‘ng qizaloq reabilitatsiya bo‘limiga o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, hozir uning ahvoli qoniqarli. Og‘riq qoldiruvchi va umumiy quvvatlovchi muolajalar olmoqda. Bemor tezda oyoqqa turib, sog‘lom hayotga qaytadi.
Markaz direktori Murod Irismetovning so‘zlariga ko‘ra, bolalarda skolioz qancha erta aniqlansa, muolaja ham shuncha samarali bo‘ladi. Chunki ular ulg‘aygani sari umurtqa pog‘onasidagi suyaklar ham qattiqlashib, davolash qiyinlashadi. Kech bosqichlarda esa operatsiya qilishga to‘g‘ri keladi.
“Avvallari bizda bunday tug‘ma nuqsonli bemorlarda amaliyotlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun uning yoshi katta bo‘lishi kutilar edi. Oqibatda bu umurtqa pog‘onasida ikkilamchi deformatsiyalar va ichki organlarda ikkilamchi o‘zgarishlarga, qolaversa, yurak-qon tomir kasalliklari va nafas yetishmovchiligiga sabab bo‘lardi. Uch yoshli bemorda o‘tkazilgan operatsiya shunisi bilan ham noyob va murakkab hisoblanadi”, deydi Murod Irismetov.