Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Bo'limlar

Toshkentda IIB xodimi o‘limi ortida qanday sir bor? Uzunquloq gaplar rostmi? 

3-sahifa

0:00
0:00
download

Yaqinda Toshkent shahar Olmazor tumanida Ichki ishlar xodimi o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan paytda o‘ldirib ketilgani haqida xabar qilgan edik. Ko‘p o‘tmay IIO Faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi profilaktika inspektori katta leytenant N.Bobomurodovning hayotiga tajovuz qilishda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olingan. 

QALAMPIR.UZ tahririyatiga qotillikda gumonlanayotgan fuqaroning opasi telefon qilib, IIV bergan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, ukasi o‘z xotinini IIB xodimi bilan yarim tunda mashinada birga o‘tirganini ko‘rib, rashk sabab qotillikka qo‘l urganini aytdi.

Ammo Ichki ishlar vazirligi bu ma’lumotlarni rad etmoqda.

“Fuqaroning ayoli o‘zining mahallasidagi profilaktika inspektoriga telefon qilgan va turmush o‘rtog‘ining unga tazyiq o‘tkazayotganini aytib arz qilgan. Xodimimiz voqea joyiga borgan. Ochig‘ini aytsak, inspektor Bobomurodov haqiqatan ham murojaatchi ayolning eri shu darajada ekanligini [rashkchiligini] bilmagan. Natijada ayolning turmush o‘rtog‘i kelib ikki marta pichoq urgan. Bo‘ldi tafsiloti mana shunday”, deya ma’lumot berdi IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Hamza Mahsumov.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa tafsilotlarga biroz o‘zgartirish kiritar ekan jinoyatda ayblanayotgan shaxs ayolning qonuniy eri emasligini qo‘shimcha qildi. 

“U ayol qonuniy turmush o‘rtog‘i emas, shunchaki u bilan birga yashab kelgan. Bizning xodimimiz shundan u ayolni himoya qilgan. Uni profilaktika inspeksiyasiga olib kelgan. Orqasidan u yigit quvib kelgan. Tushganida uning oyog‘iga pichoq urgan. Xodim chalg‘ib engashganda yuragiga pichoq urgan. Shuning uchun bu holatni har xil talqin qilmang. Hech qanday rashk va boshqacha aloqalar yo‘q bu yerda”, deydi G‘iyosov. 

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi (“Qasddan odam o‘ldirish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

IIB

Baholaganlar

2790

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Яндекс.Метрика