Prezident farmoni: bir qator tovarlar bojxona bojidan ozod etildi
Jamiyat
−
29 yanvar 2022
131422022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantirilgan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan texnologik uskunalar bojxona bojidan ozod etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan telekommunikatsiya infratuzilmasini joriy etish loyihalari doirasida O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantirilgan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan texnologik uskunalar, materiallar, dasturiy ta’minot va ehtiyot qismlar bojxona bojidan ozod etiladi.
Shuningdek, mol-mulk solig‘ini hisoblashda yer uchastkalarida o‘rnatilgan antenna-machta metall konstruksiyalari hamda ularga o‘rnatilgan va ularning ajralmas qismi bo‘lgan konstruksiyalar (tortqilar, atrofni o‘rovchi devorlar, yuk ko‘tarish moslamalari, chaqmoqdan himoya qilish tizimlari, yerga ulash qurilmalari, signal-yoritish tizimlari, qo‘riqlash signalizatsiyasi va videokuzatuv tizimlari) ko‘chmas mulk sifatida qaraladi.
Qayd etilishicha, 2022 yil 1 apreldan boshlab radiochastota spektridan foydalanuvchilarga radiochastota organlarining tegishli ruxsatnomalariga asosan radiochastota spektridan birgalikda foydalanish huquqi beriladi.
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasiga uning rezidentlari tomonidan har oy o‘tkaziladigan ajratmalar miqdori, ular tomonidan eksport qilingan axborot texnologiyalari xizmatlarining bir yillik hajmi 10 million AQSH dollaridan oshganda 25 foizga, 20 million AQSH dollaridan oshganda 50 foizga pasaytiriladi.
LiveBarchasi