Kecha, 1 aprel kuni Chexiya sotsial-demokratlar partiyasi vakillari himoya niqobisiz videobrifing o‘tkazdi va buning uchun ularning har biri 10 ming krondan (400 AQSH dollari atrofida) jarima to‘ladi. Bu haqda “jabrdiyda”lardan biri, Bosh vazir o‘rinbosari va mamlakat IIV rahbari Yan Gamachek ma’lum qildi.
Hukumat tomonidan e’lon qilingan karantin doirasida uydan tashqarida bo‘lgan barcha fuqarolar yuzlarida himoya niqoblarida bo‘lishlari talab etiladi. Bu qoidaga amal qilmaganlarga 10 ming krongacha jarima solinishi mumkin. Sotsial-demokrat vazirlar ishtirokidagi video-brifingda ishtirok etgan jurnalistlardan biri nima uchun ularda himoya niqoblari yo‘qligini so‘ragan.
"Men uzr so‘rayman. Bu xato edi, qoidalar hamma uchun barobardir. Shuning uchun o‘zimga belgilangan 10 ming kronni Motol shifoxonasi hisobiga o‘tkazdim", deb yozdi Gamachek Twitter’dagi o‘z sahifasida.
O‘z navbatida, videobrifingning yana bir ishtirokchisi, Mehnat vazirligi rahbari Yana Malachova ham Twitter orqali o‘zi va mamlakat TIV rahbari o‘rinbosari bo‘lmish eri Alyosha Xmelarj nomidan uzr so‘radi. Ularga belgilangan jarimani “Hayot-90” jamoat tashkiloti hisobiga o‘tkazishganini ma’lum qildi.
Chexiyada 12 martdan boshlab favqulodda holat rejimi e’lon qilingan. Kecha, 1 aprel kuni hukumat uni 11 maygacha uzaytirish niyatini bildirdi. Ushbu qaror 7 aprelda respublika parlamenti tomonidan tasdiqlanishi kerak.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Chexiyada koronavirusga 3 589 nafar odam chalindi. 61 bemor shifo topgan bo‘lsa, 39 kishi vafot etdi.