Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Bo'limlar

Kelajak stadionlari qanday bo‘ladi? Eng antiqa 6 ta stadion loyihasi taqdim etildi

Bu qiziq

image

AQSH, Xitoy va Italiya kabi mamlakatlar uchun yetakchi arxitektura studiyalari tomonidan oltita yirik stadion loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda “Dezee” internet sayti xabar bermoqda.

“Forest Green Rovers” stadioni

Buyuk Britaniyada quriladigan “Forest Green Rovers” 5000 o‘rinli dunyodagi birinchi yog‘och stadion bo‘lishi kutilmoqda. 20 metr balandlikdagi yog‘och konstruksiyadan iborat bo‘lgan stadion o‘zining ekologik va energiya samarador inshootligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Stadion shaffof qurilish ashyosi bilan qoplanadi. Bu esa yashil maydonning quyosh nuri ostida o‘sishiga imkon beradi. Shuningdek, musobaqa davomida o‘yinchilarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan soyalarni kamaytiradi. Bu stadionni FIFA dunyoning eng yashil futbol maydoni, deb nomladi. Inshoot “Zaha Hadid Architects ” kompaniyasi tomonidan loyihalshtirilgan.

Italiya, Milan stadioni

Milanning “San-Siro” arenasi o‘rniga 60 000 o‘rinli stadion qurilmoqda. Stadion to‘rtburchak shaklga ega bo‘lib, barcha tomondan quyoshdan quvvat oluvchi panellar bilan qoplanadi. Shuningdek, stadion tomi shaffof oyna bilan yopiladi va tomdan yomg‘ir suvlari yig‘ib olinib, foydalanish uchun qayta tozalanadi. Stadion atrofi faqat piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘laklardan iborat. Avtoturargoh esa yer ostida bo‘ladi va 110 ming kvadrat metr hududda yashil maydon joylashtiriladi. Bu loyiha Buyuk Britaniyaning “Populous” studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Xanchjou xalqaro sport markazining stadioni

Xitoyning Xanchjou sport markazi umumiy maydoni 135 000 kvadrat metrlik yangi stadion qurmoqda. Inshoot 60 000 tomoshabinga mo‘ljallangan o‘rindiqlarni o‘z ichiga oladi. Tomoshabinlar bu stadionda faqat sport o‘yinlari uchun emas, balki konsertlar, turli xil tadbirlarni ko‘rish uchun ham kelishlari mumkin. Stadionning foydalanishga topshirish sanasi hozircha noma’lum.

“Santa Giulia” stadioni

“Zaha Hadid Architects” tomonidan loyihalashtirilgan yana bir “Santa Giulia” stadioni 16 000 tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, sport va madaniy tadbirlar uchun ham xizmat qiladi. Uning tomi ulkan ustunlar bilan mustahkamlanadi, fasadlari esa o‘simliklar bilan to‘ldirilgan terasalarni o‘z ichiga oladi. Uning qurib bitkazilishi 2025 yilda rejalashtirilgan. Noodatiy stadion har xil balandlikdagi uchta halqa shaklida ko‘tariladi. Inshoot atrofi, tom qismi, tashqi tomoni tabiiy o‘simliklar bilan qoplab olinadi. Stadionning faoliyati 2026 yil Qishki Olimpiya o‘yinlaridan boshlanadi.

“Feyenoord” stadioni

Gollandiyada eng katta 63 000 sig‘imga ega “Feyenoord” stadioni loyihalashtirilmoqda. Stadion yangi joyda va juda qulay transport hududida joylashadi. Stadion har xil turdagi zinapoyalar va liftlar bilan jihozlanadi. 

“Bills” stadioni

Amerikadagi o‘zida tarixni jonlantirgan “Bills” stadioni loyihasi “Populous” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Shuningdek, inshootda shovqinni o‘tkazmaydigan texnologiyalardan, tabiiy energiyadan foydalanilgani ham uning dunyo stadionlari ichida alohida o‘rinda bo‘lishini ta’minlaydi. Stadion 2026 yilning kuzida foydalanishga topshiriladi.

Nurmuhammad Fayzullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

580

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Яндекс.Метрика