Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Bo'limlar

Endi qarzi bor haydovchilar “Qamchiq”dan o‘tolmaydi

Jamiyat

image

2022 yil 1 dekabrdan boshlab Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” yo‘l-patrul xizmati (Qamchiq dovoni) statsionar postida “Yashil” va “Qizil” yo‘lak tamoyili joriy etildi. Bu haqda ushbu postda bo‘lib qaytgan QALAMPIR.UZ muxbiri Hulkar Murtazoyeva xabar berdi. 

Ushbu tamoyilga ko‘ra, “Yashil” yo‘lakdan – qoidabuzarlik va huquqbuzarlik sodir etmagan transport vositalari haydovchilari hech qanday to‘siqsiz va cheklovlarsiz harakatlanadi.

“Qizil” yo‘lakka yo‘naltirilgan transport vositalari haydovchilarining hujjatlari esa elektron ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda tekshiriladi. Aniqlangan qarzdorliklar bo‘yicha postlarda tashkil etilgan bank terminallari orqali qarzdorlik bo‘yicha to‘lov amalga oshirilganidan so‘nggina ularning harakatini davom ettirishiga ruxsat beriladi.

Ta’kidlanishicha, statsionar postlardan 700 metr oldin transport vositalarining davlat raqam belgisini qayd etuvchi va maxsus diodli ekran joylashtirilgan bo‘lib, haydovchilar ekranda qayd etilgan ma’lumotga asosan “Yashil” yoki “Qizil” yo‘lak orqali harakatlanishi haqida axborot oladilar.

“Qizil” yo‘lakdagilar qarzini to‘lamagan hollarda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 291-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan Qonunchilik hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalari maxsus to‘xtash joylariga qo‘yiladi va to qarzini to‘liq uzmaguncha uning avtomashinasi jarima maydonchasida ushlab turiladi.

“Albatta, yo‘lga qo‘yilgan mazkur yangi tizim xalqaro tajribalarni o‘rganish natijasida joriy etilgan bo‘lib, sohada olib borilayotgan islohotlarning yana bir namunasidir”, deyilgan YHXX ma’lumotida.

Bundan tashqari respublikaning qolgan 29 ta yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida ushbu tizim 6 bosqichda 2025 yilgacha to‘liq joriy etiladi.

Shuningdek, “Chinor” yo‘l-patrul xizmati (Qamchiq dovoni) statsionar postida texnik ko‘rikdan o‘tmagan, sug‘urta polisi muddati o‘tgan transport vositalari ham ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ulardagi kamchilik yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzilgandan so‘ng, keragidan ortiq yuk ortib harakatlangan transport vositalari vazn va hajm parametrlarini tegishli normaga moslashtirgan taqdirda, harakatni davom ettirishga ruxsat beriladi.

Aks holda ularning ham transport vositalarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushlab turish choralari ko‘riladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

302

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Яндекс.Метрика