Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Bo'limlar

Amaldorlarga savol: “kolyaska”ga o‘tirib, zinadan chiqa olasizmi?

Tahlil

image

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar rasman 860 ming, ularning 150 mingdan ortig‘ini 18 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Har yili 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni nishonlanishi arafasida nogironligi bor shaxslar yodimizga tushib qoladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, dunyoda 1,3 milliard kishi nogironlik ro‘yxatida turadi. Yanada aniqroq aytganda dunyo aholisining har oltisidan biri nogironlikdan aziyat chekadi.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda 96 144 nafar nogironligi bor shaxslar qayd etilgan. Undan 52 235 nafari erkaklar, 43 909 nafari esa ayollar. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 96 144 nafardan 37 640 tasi bolalikdan nogironligi bo‘lgan fuqarolardir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 2021 yil 29 mayda “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida konvensiya”ni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan. Mazkur konvensiyada imkoniyati cheklangan fuqarolar huquqlarini himoya qilish, ularning to‘siqlarsiz harakatlanishini ta’minlash masalalari aniq qilib yozilgan.

“Konvensiya Prezident Mirziyoyevning tashabbusi bilan ratifikatsiya qilindi. Bu ish bilan O‘zbekiston tomoni nogironligi bo‘lgan fuqarolar to‘siqsiz muhitni yaratish va haq-huquqlarini ta’minlashni bo‘yniga oldi”, deydi O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov.

Oliy Majlis Senati tomonidan 2020 yil 11 sentyabrda ma’qullangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunda imkoniyati cheklangan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari aniq qilib yozilgan:

• Nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligini ta’minlash va kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik – 18-modda;

• Fuqarolik va erkin harakatlanish huquqi – 21-modda;

• Ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga rioya etgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish – 23-modda;

• Transport vositalarining va yo‘l infratuzilmasining qulayligi – 24-modda;

• Mehmonxona xonalarining qulayligi – 25-modda;

• Madaniy hayotda ishtirok etishga, dam olishga va sport bilan shug‘ullanishga bo‘lgan huquq – 27-modda.

Yuqorida keltirilgan moddalar qonundan bir parcha. Ammo eng muhimlaridan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Imkoniyati cheklangan fuqarolar huquqlari, ularga berilayotgan moddiy yordam, oylik to‘lov yoki boshqalar haqida har qancha gapirilmasin, qonun ijrosi vaqtida va to‘liq ta’minlanmas ekan, "qonun ishlayapti", deb og‘iz ko‘pirtirgandan foyda bo‘lmaydi.

Qonun qabul qilinishida bosh-qosh bo‘ladigan senatorlar uning ijrosi ta’minlanishi borasida nima deydi?

Inson qadri ulug‘ligi va odamlar har qanday holatda bir-biriga yordam berishini aytib gap boshlagan Senator Tolibjon Murodovdan “Imkoniyati cheklanganlarga to‘siqlarsiz harakatlanishlari uchun sharoitlar yaratilganmi, qabul qilgan qonunlaringiz amalda ishlayaptimi?” deb so‘radik.

“Menga Andijon viloyatidagi beshta tuman – Paxtaobod, Izbosgan, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa hamda Xonobod biriktirilgan. Har safar Andijonga borganimda shu tuman va undagi muammolar bilan ishlayman. Imkoniyati cheklangan fuqarolar davolanadigan muassasalarga boraman sharoitlarni ko‘raman. Oldin barcha sharoitlarni o‘rganib, undan keyin fuqarolar bilan gaplashaman. Ularni birov to‘smaydi. Andijonda “kolyaska”da harakatlanish uchun sharoitlar bor”, deydi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov.

Qo‘shni Qozog‘istonda hokim nogironlar aravachasiga o‘tirib, tumandagi qurilishlarni tekshirgani, shu orqali imkoniyati cheklangan fuqarolarga yaratilmayotgan sharoitlarni o‘rganganini eslatib, sobiq Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunovga yuzlandik.

“Imkoniyati cheklanganlar to‘siqsiz harakatlanishlari borasida qiladigan ishlarimiz ko‘p. Bu borada yo‘l xaritalari ishlab chiqilgan. Ijro hokimiyatlari tomonidan muammoning yechimi bo‘yicha qaror loyihalari tayyorlanmoqda. Muammoning yakuni bu yilda bo‘lmaydi. Hayot bor – tug‘ilish, rivojlanish bor. Hokimlar hududni “kolyaska”da aylanishi shart emas, ular qaysi joyda muammo borligini yaxshi biladi”, Navoiyning sobiq hokimi senator Qobul Tursunov.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan xalqqa murojaatida mamlakatdagi 1 millionga yaqin nogironligi bo‘lgan yurtdoshlariga samimiy hurmat-ehtiromi va ezgu tilaklarini izhor etdi.

“Hozirgi vaqtda nogironligi bor fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bir qator tuzilmalar, xususan, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida bir qator qonun hamda 25 dan ortiq boshqa me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan. Bundan buyon bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, jamoat transporti, axborot va aloqa vositalarini ishlab chiqarishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ulardan hech bir moneliksiz foydalana olishiga birlamchi ahamiyat qaratiladi”, degan Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Xalqaro nogironlar kuni arafasida e’lon qilingan yangi hisobotiga ko‘ra, tizimli sog‘liqni saqlash tengsizliklari ko‘plab nogironlarning o‘lim xavfini oshiradi.

Toshkent shahar ko‘chalari bo‘ylab harakatlanarkansiz, turli mavzudagi shiorlarga ko‘zingiz tushadi. “Imkoniyati cheklangani – huquqi cheklangan degani emas!” Bu ham “balandparvoz” shiorlardan biri. Shiorni katta qilib yozish, unga amal qilishga undash hisoblanadi. Shiorni metroga ilib qo‘ysagu, metroga tushish imkoni berilmasa, “kolyaska” bilan ta’minlab kerilsagu zinadan chiqish imkoni bo‘lmasa, svetofor o‘rnatsagu ko‘zi ojizlar uchun maxsus yo‘l qurilmasa, yer osti yo‘laklariga lift o‘rnatsagu u ishlamasa, katta CITY'lar qursagu hamma birdek yashay olmasa, qonunlar qabul qilsagu u ishlamasa…

Bu maqolani Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va boshqa bir qancha hujjatlarni qabul qilgan va ijrosini ta’minlamayotgan, ishini bajarmayotganlarni ko‘ra turib javobgarlikka tortmayotgan amaldorlarga savollar bilan yakunlaymiz.  

“Kolyaska”ga o‘tirib, zinadan chiqa olasizmi?


Maqola muallifi

Teglar

inson huquqlari Imkoniyati cheklangan

Baholaganlar

75

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Яндекс.Метрика