Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:
Inson nega baqiradi
Islom olimlaridan biri talabalari bilan birga qayoqqadir ketayotgan edi. Yoʻl boʻyidagi uylarning biridan er-xotinning baqir-chaqir qilayotgani eshitildi. Ustoz talabalariga yuzlanib:
– Odamlar nega bir-biriga gʻazab bilan qichqiradi?.. – deb soʻradi.
Talabalardan biri:
– Odam jahli chiqqanda baqiradi-da, – dedi.
Shunda u muborak zot:
– Ammo jahlimizni chiqargan inson shundoqqina peshonamizda turgan choqda unga nega baqirib gapiramiz? Unga aytmoqchi boʻlgan gaplarimizni pastroq ovozda aytishimiz va soʻzlashga katta kuch sarflashimiz mumkin boʻla turib nega boʻgʻzimizni yirtadigan darajada katta kuch sarflab baqiramiz? – deb yana soʻradi.
Talabalaridan sas chiqmagach, oʻzi tushuntira boshladi:
– Ikki inson bir-biridan gʻazablangani zahoti ularning qalblari bir-biridan uzoqlashadi. Shundan keyin ular uzoq masofadan bir-biriga ovozi eshitilsin uchun baqirishga majbur boʻladilar. Ularning gʻazabi qanchalik kuchaysa, oʻrtadagi masofa ham shuncha uzoqlashib boraveradi va ular yanada qattiqroq baqirib gapirishga majbur boʻladilar.
Xoʻp, ikki inson bir-birini sevsa-chi, unda nima boʻladi? Ular baqirish oʻrniga muloyim ohangda gaplashadi. Chunki qalblari bir-biriga juda ham yaqindir yoki oradagi masofaning oʻzi ham yoʻqdir.
Xoʻsh, ikki inson bir-birini juda ham qattiq sevsa nima boʻladi? U holda ularga soʻzlashishning keragi yoʻq. Shunchaki shivirlashadi, xolos. Negaki, ularning qalbi bir-biriga yanada yaqinlashgandir. Bora-bora ularning shivirlashiga ham ehtiyoj qolmaydi, bir-biriga qarab qoʻysalar bas, shuning oʻzi yetarli boʻladi. Ikki insonning bir-biriga boʻlgan haqiqiy sevgisining izhori ana shudir.
Yana bir ozdan soʻng talabalariga qarata bunday dedi:
– Shunday ekan, biror sabab bilan bahslashib qolsangiz, qalblaringizning orasiga masofa kirishiga yoʻl qoʻymang. Orangizga masofa olib kiradigan soʻzlardan uzoq boʻling, yoʻqsa, sizlarni uzoqlashtirib yuboradi u.

Demishlarki…

“Sabzavotchi baqirur, sarrof baqirmas,

Eskichi baqirur, antiqachi baqirmas...”

Fikri qiymatli boʻlgan baqirmaydi, baqirgan oʻylamaydi, oʻylamagan gʻavgʻo qiladi.

Sasimizni emas, soʻzimizni yuksaltiraylik.

Rabbim bizni goʻzal soʻzli, hikmatli va nazokatli bandalaridan aylasin, inshoalloh!
Manba:Xabarlar.Ru
Joyladi: BiG*ViRuS)) | Vaqti: 04.05.2019 / 14:24 | O'qilgan: 238 | Izohlar: (0)
Яндекс.Метрика Statok.net