Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:
Qulayotgan Minora
Mashhur “qulayotgan” minora Italiyaning Piza shahridagi me’morchilik majmuasining bir qismidir. U yerda ibodatxona, cho‘qintirish xonasi va qabriston ham bor. Minora ibodatxonaning qo‘ng‘iroqxonasi hisoblanadi.

“Qulayotgan” minora boshqa minoralar kabi tik vertikal holatda bo‘lganida, uning shuhrati faqat me’morlaru tarixchilar orasida yoyilgan bo‘lardi. Aynan qulayotganligi uni butun dunyoga mashhur qildi.

Minoraning balandligi 55 metr bo‘lib, unga 1174 yilda qurilganligi yozib qo‘yilgan. Piza taqvimi bir yil oldin yurganligi hisobga olinsa, bu sana 1173 yil ekanligi ayon bo‘ladi. Minora me’morlari – Bonnano Pizano va Vilgelm fon Insburglarga o‘z mehnatlari samarasini ko‘rish nasib etmagan.

Ba’zi fikrlarga ko‘ra, me’morlar minoraning og‘ishini oldindan bilganlar. Go‘yoki ular o‘zlarining favqulodda qobiliyatga ega ekanliklarini ko‘rsatmoqchi bo‘lishgan. Biroq bu fikr haqiqatga unchalik yaqin emas. Ehtimol, me’morlar minoraning poydevori mustahkam emasligini bilishgan va qurilishda og‘ishning ham hisobini olishgan.

Minora yuqorisiga 294 ta zina orqali chiqiladi. Yuqoriga ko‘tarilayotganda, tepadan pastga yoki aksincha, pastdan tepaga qaraganda minora xuddi qulab ketayotgandek tuyuladi. Ammo shu paytgacha qulamagani juda qiziq. Vaqt o‘tgani sari minora og‘ib bormoqda. O‘tgan asrning boshlarigacha u 4,3 metrga og‘gan edi. Hozir bu ko‘rsatkich 4,6 metrni tashkil etadi. Ushbu ajoyib inshootning qulab ketmasligi uchun katta miqdorda mablag‘lar ajratilmoqda.

Piza minorasi sakkiz qavat bo‘lib, silindr shaklidadir. Uning olti markaziy qavatiga nafis ravoqlar ishlangan. Ravoqlarda Vizantiya yoki musulmon me’morchiligining ta’sirini sezish mumkin. Minora yonidagi hashamatli ibodatxona sal keyinroq barpo etilgan.

1564 yilda Pizada Galileo Galiley dunyoga kelgan. Mashhur olim minoradan o‘z tajribalarini o‘tkazishda foydalangan. U minoraning yuqorisidagi turli buyumlarni tashlab ko‘rgan va pastga tushayotgan buyumning tezligi uning og‘irligiga bog‘liq bo‘lmasligini isbotlagan.
Manba:Xabarlar.Ru
Joyladi: Maruf | Vaqti: 07.03.2015 / 15:10 | O'qilgan: 941 | Izohlar: (0)
Яндекс.Метрика Statok.net