Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:
Kattalarni lol qoldirgan qizaloq!
Kattalarni lol qoldirgan qizaloq
Kichkintoy qizimning negadir
ishtahasi yo‘qolib, juda kam
ovqat yeydigan bo‘lib qoldi. Bir
kuni xotinim qizimga yana
ovqatini yedira
olmayotganligidan xunob
bo‘lib, menga arz qildi.
Oshxonaga chiqib, qizalog‘imni
ovqat yeyishga ko‘ndirishga
harakat qildim. U bo‘lsa
ko‘zlarida yosh bilan:
–Agar ovqatimni oxirigacha
yesam, mening bir iltimosimni
bajarasizmi? – deb so‘radi.
Men esa o‘ylab ham o‘tirmay:
–Va’da beraman, qizim, – deya
uning ko‘z yoshlarini artdim.
Buning nima qiyin tomoni bor,
deya o‘yladim. Qizalog‘imning
ko`ngli biror shirinlikmi yoki
yangi o‘yinchoqmi, tusab
qolgandir-da. Mening va’damni
olgach, uning yuzlari yorishib
ketdi, idishida turgan ovqatni
ishtaha bilan oxirigacha edi.
Keyin esa hech kutilmaganda:
–Men sochimni oldirib
tashlashni xohlayman! – deb
qolsa bo‘ladimi.
Bu gap xotinim va meni hayron
qoldirdi. Chunki qizcham beliga
tushib turadigan qo‘ng‘iroq
sochlari bilan maqtanishni juda
yaxshi ko‘rardi. Boshimdan
birov xuddi bir chelak sovuq suv
quyib yuborganday bo‘ldi. Bu
fikr uning hayoliga qanday kelib
qoldi ekan-a? Onasiga
qarayman:
–Sochiga nima qilgan?
–Sochlari top-toza, – deydi
xotinim ham hayron bo‘lib.
Shundan so‘ng men bolamdan
bu iltimosni boshqasiga
almashtirishni so‘radim. Unga
o‘yinchoqlar, kitoblar, chiroyli
ko‘ylakchalar, shirinliklar, xullas
istagan narsasini olib berishga
va’da berdim. Lekin foydasi
bo‘lmadi. Xotinim jig‘ibiyron
bo‘lib, agar shunday qilsa, uni
jazolashini ta’kidlay boshladi.
Qizim bo‘lsa menga mo‘ltirab
qarar:
–Dadajon, axir va’da berdingiz,
berilgan va’dani bajarish kerak,
deb o‘zingiz aytgansiz-ku.
Nahotki, kattalar ham yolg‘on
gapirishadi, – derdi ko‘z
yoshlari yuzini yuvib.
Men chorasiz qoldim. Aslida
o‘g‘illarimga qaraganda
ko‘proq shu qizimni yaxshi
ko‘rardim-da. Uning shiringina
erkaliklari, ishdan kelganimda
bo‘ynimga osilib, akalaridan arz
qilishlari menga zavq
bag‘ishlardi. Qizimning ko‘nglini
sindirgim kelmadi.
Xotinimning qarshiligiga
qaramay u bilan
sartaroshxonaga yo‘l oldik. Bir
zumda qo‘ng‘iroq sochlar er
bilan bitta bo‘lib yotar,
qizimning boshi tap-taqir
alfozga tushgandi.
Uyga qaytganimizda ham,
ertasiga ertalab maktabga
ketayotganida ham uning
kayfiyati a’lo edi. Lekin men bu
kayfiyat maktabga yetib
borgandan keyin bolalarning
"kal- kal” degan mazaxlaridan
so‘ng yo‘q bo‘lishidan va
qizchamning keyingi ruhiy
iztirobidan xavotirda edim.
Maktabga yetib borganimizda
qizim mashinadan sakrab
tushdi-da, sinfxonasiga chopib
keta boshladi. Bir payt orqadan
bir bolakayning qizimni
chaqirgani eshitildi. Men ham
darrov o‘sha tomonga qaradim.
Bolakay xursand holda chopib
kelardi. Qizig‘i, bolakayning
ham boshida bir tola tuk yo‘q,
tap-taqir! Xayron bo‘lib turgan
edim, yonimga o‘rta yoshli bir
ayol kelib o‘zini tanishtira
boshladi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu ayol
o‘sha bolakayning onasi ekan.
–Bilasizmi, – dedi ayol chopib
ketayotgan bolalarimizning
orqasidan ko‘zida yosh bilan
kuzatarkan, – mening bolam
og‘ir kasalga chalingan edi,
dori-darmonlar ta’sirida uning
sochlari bitta ham qolmay
to‘kilib ketdi. U har kuni
maktabdan xafa bo‘lib qaytardi.
Qizingiz esa o‘g‘limga doim
dalda berib uni ruhan qo‘llab
turarkan, ular juda yaxshi do‘st
ekanlar-da. O‘tgan kuni o‘g‘lim
uyga birinchi marta xursand
qaytdi. Chunki qizingiz
o‘g‘limga, men ham senga
o‘xshab sochimni oldirib
kelaman, ikkalamiz bir xil
bo‘lamiz, deb va’da beribdi.
To‘g‘risi, men o‘g‘limning
gapiga unchalik e’tibor
bermagan edim. Har qancha
do‘st bo‘lishmasin, harqalay, qiz
bolaning chiroyli sochlarini
oldirib tashlashga jazm etishiga
ishonmasdim-da…
Bugun qizingizni ko‘rgach,
bolamning ko‘zlari birinchi
marta quvonch bilan porladi.
Uni yaqin orada bunchalik
quvnoq kayfiyatda ko‘rmagan
edim. Hammasi uchun
qizingizga rahmat! Biz
fidokorlikni bolalardan
o‘rganishimiz kerakka
o‘xshaydi…
Men ayolga hech nima deb
javob qaytara olmadim. Chopib
ketayotgan qizimning ortidan
qarab qolarkanman, mening
bolajonim, mening jajjigina
farishtam birov uchun
borlig‘idan ham kechishi
mumkin ekanligini
isbotlaganidan ham lol edim,
ham faxrlanardim…
Manbasi va muallifi noma’lum.
Manba:Xabarlar.Ru
Joyladi: Guccifer | Vaqti: 16.03.2014 / 00:00 | O'qilgan: 10238 | Izohlar: (0)
Яндекс.Метрика Statok.net