Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:
Atirgulning tikoni...
<< 1 2 3 4 5 >>
ketilgan. Mehmonxona egasi haftaning toq
kunlarida moshinani toq raqamli binolar ostidagi
yoʻlkaga, boshqa kunlari esa narigi tomondagi
yoʻlkaga qoʻyish kerakligini unga uzoq tushuntirdi.
Ayniqsa, jarimani toʻlangu moshina joyida turaversin,
aks holda kechasi soat 12 da uni yana bu yoqqa olib
oʻtishingizga toʻgʻri keladi, degan gapi jon-jonidan
oʻtib ketdi. Xonasiga chiqib, toʻshakka kirdi-yu, sira
uxlay olmadi, tuni bilan agʻanab chiqdi. Dardini kimga
aytsin, koʻnglini kimga boʻshatsin?!
Uyqusizlik unga saboq berdi. Juma kuni ertalab zil-
zambil boʻlib oʻrnidan turdiyu endi hayotiga aniqlik
kiritish zarurligini anglab, qat’iy harakat qilishga jazm
etdi. Kiyimini almashtirish kerak edi, binobarin,
chamadon qulfini buzishdan boshqa iloji qolmadi –
hamma kalitlar, ancha-muncha pul, telefon
daftarcha¬si Nena Dakontening sumkasida edi.
Loaqal telefon daftarchasi oʻzida boʻlganida, ehtimol,
parijlik birorta tanishini toparmidi... Qahvaxonaga kirib
borganida frantsuzcha salomlashishni va buterbrod
bilan sutli qahva buyurishni oʻrganib olgani ma’lum
boʻldi. Lekin bu tilda saryogʻ bilan tuxumni hech
qachon soʻray olmasligini ham angladi, chunki bu ikki
soʻzni sira ishlatgani yoʻq-da: saryogʻni nonga
qoʻshib berishar, tuxumni peshtaxtadan har gal oʻzi
olaverardi. Uch kun ichida qahvaxona xizmatchilari
ham unga ancha el boʻlib, javob-muomalaga oʻrgata
boshlashgan edi. Qoʻying-chi, juma kuni u bemalol
oʻtirib, fikrini jamlash niyatida, qovurilgan kartoshka
bilan buzoq goʻshti hamda bir shisha vino buyurdi.
Tanasi shunaqa yayrab ketdiki, yana bitta vino soʻrab,
uni ham yarimlatdi, keyin kasalxonaga bostirib kirish
qasdida oʻrnidan turdi. Nena Dakonteni qaerdan
qidirishni bilmasdi, lekin anovi qoratappi doʻxtirning
basharasi yodida qolgan. U asosiy eshikka emas,
qabulxona tomonga qarab yurdi, nazarida u yer zaifroq
qoʻriqlanadiganday tuyulgan edi, ammo yoʻlakning
Nena Dakonte qoʻl silkib xayrlashgan qismidan nariga
oʻtolmadi. Ostonadayoq xalatiga qon sachragan
qandaydir kimsa, ehtimol qorovuldir, undan nimanidir
soʻradi, ammo Billi Sanches e’tibor bermadi. Qorovul
frantsuzchalab bir savolni qaytargancha orqasidan
ergashib ketaverdi, nihoyat, toqati toq boʻlib,
oʻzboshimchaning bilagiga shunaqangi changal
soldiki, Billi Sanches taqqa toʻxtab qoldi. Oʻzining
eski usullaridan birini qoʻllashga uringan edi,
qorovulning tepa sochi tikka boʻlib, Sanchesning
qoʻlini chapdastlik bilan orqasiga qayirdi-da,
frantsuzchasiga soʻkina-soʻkina, dikonglatib eshik
yoniga olib keldi. Keyin dast koʻtarib, bir qop
goʻshtday koʻchaga uloqtirdi.
Oʻsha kuni Billi Sanches «mulla» boʻldi. Endi oʻz
elchisiga murojaat etish kerakligini angladi, ehtimol,
Nena Dakonte ham shunday qilgan boʻlardi.
Mehmonxona xoʻjayini bir qarashda odamoviga
oʻxshab koʻringani bilan juda hojatbaror va xorijiy
tillarga sabr-bardoshli kishi ekan. Ma’lumotlar
kitobidan elchixonaning telefon raqami bilan manzilini
topib berdi. Goʻshakni xushmuomala bir ayol koʻtardi.
Billi Sanches ayolga ta’siri zoʻrroq boʻlarmikin deb,
oʻzining toʻla ism-sharifini aytdi. Ammo uning ovozida
oʻzgarish sezilmadi. Ayol hozir elchi yoʻqligini, bugun
boʻlishi ham dargumonligini, qolaversa, u faqat
oldindan kelishuv boʻyicha va oʻta muhim masalalar
yuzasidangina qabul qilishi mumkinligini bildirdi. Billi
Sanches bu yoʻl bilan ham Nena Dakontening oldiga
kirolmasligini tushunib, ayolga, xuddi uning oʻziday,
muloyim ohangda tashakkur izhor etdi. Va darhol taksi
tutib, elchixonaga qarab joʻnadi.
Elchixona Yelisey koʻchasidagi 22-binoga, Parijning
eng sokin maskanlaridan biriga joylashgan edi. Ammo
Billi Sanchesni ancha kunlardan beri birinchi marta
quyoshning Karib oftobiday charaqlab, Eyfel
minorasining musaffo osmonga boʻy choʻzib turishi
lol qoldirdi. Uni elchi nomidan qabul qilgan mulozim
endigina oʻlim toʻshagidan turgan bemorga
oʻxshardi, faqat tugmasini tomogʻigacha qadab,
boshdan-oyoq qora kiyinib olgani uchungina emas,
yoʻq, xatti-harakatining omonatligi hamda ovozidagi
oʻta xokisorlik tufayli ham shunaqaga oʻxshar¬di. U
Billi Sanchesning ahvolini tushunib turardi, albatta.
Ammo gapni uzoqdan boshladi. Ular madaniyati
yuksak mamlakatda ekanligini, bu mamlakatning
tartib-qoidalari olis oʻtmishga borib taqalishini, bu
yerda Amerika mamlakatlaridagi kabi qorovulga pul
qistirib kasalxonaga kirib ketaverish mumkin emasligini
shoshmasdan, royishlik bilan uqtirdi. «Shunaqa,
yigitcha, – dedi u, – aql-idrok nidosiga quloq tutib,
seshanbagacha sabr qilishga toʻgʻri keladi, boshqa
iloji yoʻq».
– Atigi toʻrt kun qopti, shunga ham ota goʻri –
qozixonami! – deya soʻziga yakun yasadi diplomat. –
Hozircha Luvr muzeyini tomosha qiling, kam
boʻlmaysiz.
Butkul dovdirab qolgan Billi Sanches Yarash
maydoniga arang yetib bordi. Tomlar tepasida boʻy
choʻzib turgan Eyfel minorasini koʻrib, yaqin tuyuldi
shekilli, sohil yoqalab yurishga qaror qildi. Oradan
koʻp vaqt oʻtmay, yanglishganini, minora ancha olisda
ekanini, buning ustiga, har lahzada oʻrni oʻzgarib
turishini payqadi. Binobarin, Sena boʻyidagi ovloq bir
joyga oʻtirib, Nena Dakonte toʻgʻrisida oʻylay
boshladi. Koʻprik ostidan oʻtayotgan shatakchi
kemalarni kuzatdi, ular sahniga kir yoyilgan tagi
yapasqi yuk kemalarini sudrab borishardi, bular unga
kema emas, deraza tokchalariga gultuvaklar terilgan
qizgʻish tomli daydi uylarga oʻxshab koʻrindi.
Qarmogʻini suvga tashlab oʻtirgan baliqchi cholga
uzoq tikilib turdi: na chol qimirlaydi, na qarmoq, na
suv qilt etadi. By orada qorongʻi tushdi, Billi Sanches
taksi tutib mehmonxonaga qaytmoqchi boʻldi-yu,
boshini changallab qoldi. Qani endi, mehmonxonaning
nomini eslolsa! Kasalxonaning ham. Parijning qaysi
deparasida ekanini bilmaydi. Koʻngliga gʻulgʻula
tushib, duch kelgan birinchi qahva¬xonaga chopib
kirdi-da, dalda boʻlarmikan degan umidda bir ryumka
konyak ichdi. Devorlardagi kishi qiyofasini turli shaklu
shamoyilda aks ettiradigan koʻzgularga qarab turib,
nihoyatda nochor va tanho ekanini his etdi. Ikkinchi
ryumkadan soʻng sal oʻziga keldi. Bir koʻngli,
elchixonaga qaytib bormoqchi boʻldi. Koʻchaning
nomini eslash uchun choʻntagidan mehmonxona
xoʻjayini yozib bergan qogʻozni oldi. Qay koʻz bilan
koʻrsinki, qogʻoz tepasida mehmonxonaning nomi
yozigʻliq turibdi-da: «Otel Nikol». He, oʻl-e! Billi
San¬ches omonat boshpanasiga bir amallab yetib
keldiyu qaytib koʻchaga chiqmadi. Beshinchi qavatdan
faqat tamaddi qilish va moshinasini yoʻlning bu
betidan u betiga olib qoʻyish uchungina tushardi. Uch
kecha-kunduz, xuddi Parijga kelgan kunlaridagiday,
ezib yomgʻir yogʻdi. Umrida birorta kitobni oxirigacha
oʻqimagan Billi Sanches karavotda agʻanab yotarkan,
hozir qoʻliga tushgan har qanday narsani oʻqishga
tayyor edi-yu, aksiga olib, xotinining chamadonlaridan
birorta ispancha kitob chiqmadi, hammasi allaqanday
xorijiy tillarda. Billi Sanchesning xayoli yana Nena
Dakontega ketdi. Seshanbaning kelishi bir yilga
choʻzilganday tuyuldi. Dushanba
Manba:Xabarlar.Ru
Joyladi: Guccifer | Vaqti: 22.11.2013 / 21:55 | O'qilgan: 3948 | Izohlar: (0)
<< 1 2 3 4 5 >>
Яндекс.Метрика