Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:
Mualliflik huquqini bilasizmi?
1 2 3 >>
O‘tgan asrning yetmishinchi yillari oxirlarida
matbuotda "Mashhur g‘azallar tahlili" rukni paydo
bo‘ldi. Bu mumtoz g‘azallarni o‘rganish yo‘lidagi yaxshi
o‘ylangan yo‘l edi. Biroq tahlil uchun eng mashhur va
manzur g‘azallar tanlanardiyu, ularning mohiyati sayoz
yoritilardi. G‘azal janri, uning mutolaasi va tahlili
mening sevimli mashg‘ulotim bo‘lganligi uchun, bu
holdan juda iztirob chekardim. Shu boisdan, bunday
tahlillarga javoban "Tahlil mukammal bo‘lsin"
sarlavhali tanqidiy maqola yozdim.
Maqolam "O‘zAS" haftanomasi (1987 yil, 27 fevral
soni)da "G‘azal va tahlil" sarlavhasi bilan e'lon qilindi.
Unga javoban mazkur rukn muallifi, rahmatli professor
Ismatulla Abdullaev, mumtoz adabiyot mutaxassislari
va navoiyshunos professorlar G‘ulom Karimov,
Abduqodir Hayitmetov, Alibek Rustamovning aks sado
maqolalari bosilib chiqdi. Mening fan nomzodligi
dissertatsiyam g‘azal janri bo‘yicha bo‘lishidan
tashqari, o‘sha paytda ishlab turgan maskanim O‘zRFA
Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti o‘zbek
adabiyoti tarixi bo‘limida "Navoiy qomusi" yaratish
ishlari boshlangan, shoirning mingga yaqin g‘azali
tahlili rejasi qomus so‘zligiga kiritilgan va ularning
anchaginasini yozish kaminaning chekiga tushgan edi.
Shu sababdan, g‘azal tahlili bilan jiddiy shug‘ullanish
ilmiy ijodimning alohida yo‘nalishiga aylanib qoldi.
Navoiyning ko‘plab g‘azallari tahlilini yaratdim va
matbuotda e'lon qildim. Alisher Navoiy g‘azallari tahlili
asosida "Satrlar silsilasidagi sehr" nomli maxsus kitob
(T., "O‘qituvchi", 1996) chop ettirdim. Yangi 10-sinf
darsligida Navoiy lirikasini va yana o‘nga yaqin mumtoz
adiblarimiz hayoti va ijodini yoritishimga to‘g‘ri keldi.
Bunda ham mumtoz g‘azallar tahliliga munosib o‘rin
ajratdim. Ustozim B.Qosimov hammuallifligida yozilgan
bu darsligimiz to‘rt marta, jami besh yuz ming
nusxadan ortiq miqdorda nashr etildi. O‘qituvchilardan
g‘azal tahlillarining amaliy natijasi haqida e'tiroflar
eshitilib turdi. Xullas, g‘azal tahlili ommalashib ketdi.
G‘azal tahlili borasida boshqa she'rshunos
hamkasblarning faoliyatini ham kuzatib boraman.
Ba'zan nodir va mukammal tahlillar e'lon qilinsa
quvonaman va qoniqish hosil qilaman. Ammo ushbu
yil boshida nufuzli bir gazetamizda ikkita g‘azal tahlili
bosilib chiqdi. Qoniqmadim. Tahlillar o‘tgan asr
yetmishinchi yillarida tanqidga uchragan sayozlikka
tushib qolgan. Mualliflari tanish hamkasblarim,
"Aytsam, tilim kuyadi, aytmasam, dilim kuyadi"
qabilidagi kayfiyatda yurgan edim, "Ma'rifat"
gazetasida (2008 yil, 26 yanvar) e'lon qilingan "Bir
g‘azal tahlili" hammasidan oshib tushdi.
Metodist N.G‘ulomova tomonidan e'lon qilingan "Bir
g‘azal tahlili" ko‘chirmakashlik asosiga qurilgan
maqola bo‘lib chiqdi. Navoiyning:
Jong‘a chun dermen: "Ne erdi o‘lmakim kayfiyati?"
Derki: "Bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati"
- matlali g‘azaliga men yozgan sharhni N.G‘ulomova
o‘z maqolasiga ko‘chirgan, ayrim qismlarini esa o‘z
xohishiga ko‘ra buzib tatbiq etgan. Bunga ishonch
hosil qilish uchun maqola matnini mening tahliliy
maqolam e'lon qilingan quyidagi manbalar bilan
taqqoslash mumkin: "Ishq o‘ti - azal qismati", "Yosh
leninchi" gazetasi, 1991 yil, 28 sentyabr; "Satrlar
silsilasidagi sehr" nomli o‘quv qo‘llanma, T.,
"O‘qituvchi", 1996, 71-77-betlar; "O‘zbek adabiyoti",
10-sinf uchun darslik, 1999 yilgi nashri, 60-67-betlar;
2000 yilgi nashri, 64-69-betlar; 2001 yilgi nashri,
64-69-betlar; 2003 yilgi nashri, 62-67-betlar.
Adabiyotlar sirasini bu qadar batafsil keltirishimizning
ma'nosi shuki, ushbu mashhur g‘azal tahlilini butun
ma'rifiy jamoatchilik biladi-ku, qanday qilib boshqa
birov uni o‘z nomidan e'lon qilishi mumkin? Yoki
tahririyatga taqdim etilgan bu tahlilni nahotki muharrir
tanimaydi? Bizningcha, boshqa tahririyatlar
muharrirlari bundan mustasno bo‘lishlari mumkindir,
biroq "Ma'rifat" muharrirlari umumiy o‘rta ta'lim
materialini bilishga burchli.
Har bir g‘azal tahlili ham o‘ziga xos asar hisoblanadi.U
muallifning daxlsiz intellektual mulkidir. Uni
o‘zgarishsiz aynan ko‘chirib o‘zlashtirish yoki imoratini
vayron qilib o‘zlashtirish mumkin emas. Hatto, g‘azal
matnidagi har bir tinish belgisi ham g‘azal tahlili
muallifining xususiy talqini bilan aloqador. Chunki har
bir tinish belgisi ham qandaydir ma'no yoki ma'no
tovlanishini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Qiyoslab
ko‘ring, g‘azalning birorta nashrida ham tinish belgilari
bizning talqinimizdagidek o‘rniga qo‘yilmagan.
Maqola aynan ko‘chirilganligi haqida qiyosiy dalillar
ko‘p. Shulardan kichkina bir parchani misol uchun
keltiramiz: "G‘azal ishqiy-falsafiy mavzuda bo‘lib,
munozara yo‘sinidagi sharhi hol, izhor uslubida
yaratilgan. Lirik qahramonning ishqiy qismati,
kechinmalari hajviy ruhda yuzaga chiqarilgan".
("Satrlar silsilasidagi sehr", 71-72-betlar).
"G‘azal ishqiy-falsafiy mavzuda bo‘lib, munozara
shaklida, sharhi hol, izhor uslubida yaratilgan. Lirik
qahramonning ishqiy qismati, kechinmalari hajviy
ruhda berilgan" ("Bir g‘azal tahlili" maqolasi).
Maqolada ko‘chirilgan o‘rinlar shu qadar ko‘pki, ularni
qiyos uchun keltirish katta joy ajratishni taqozo etadi.
Bunga ehtiyoj ham yo‘q, nazarimizda.
Jamiyat huquqiy tafakkurini yuksaltirish milliy dasturi
qabul qilinganiga o‘n yildan oshdi. Ammo huquqiy
madaniyatning shakllanishi hamon qiyin kechmoqda.
Ko‘chirmakash (plagiator)lik huquqbuzarligining tez-
tez uchrab turishi mana shu huquqiy savodxonlik va
huquqiy madaniyat yetishmayotganligining asoratidir.
Jamoatchilikning huquqiy madaniyati yetarli
bo‘lmaganligi uchun bunday hodisalarning mohiyatini
anglab yetmaydi va ularga yetarli e'tibor bermaydi.
Hatto, ayrimlarning o‘z qilayotgan ishi to‘g‘ri emasligi,
qonunga zid ekanligi, boshqa birovning huquqini
poymol etishi mumkinligi xayoliga ham kelmaydi.
Oqibatda, bunday hodisalar ko‘payib bormoqda.
Shu ishni amalga oshirgan shaxsga oddiy hol bo‘lib
ko‘ringan ko‘chirmakashlik, aslida, ma'naviy o‘g‘rilik,
demakki, ma'naviy jinoyatdir. Axir, oddiygina
mantiqdan kelib chiqsak, bir-biridan ko‘chirgan
o‘quvchiga yomon baho qo‘yiladi-ku ?! Nahot,
o‘qituvchining bunday qilmishiga izn berilsa?
Ko‘chirmakashlik - jismoniy o‘g‘rilikdan-da dahshatliroq
hodisa. Sharqning buyuk va mashhur donishmandi
Kaykovus "Qobusnoma" asarida aytgan ekan: "Bilg‘il,
aql bir moldirki, uni o‘g‘ri ololmas". Bundan yanada
aniqroq anglashiladiki, ko‘chirmakashlik aql va fikr
o‘g‘riligidir. Kaykovus aytganidek, aqliy (intellektual)
mulkni o‘g‘irlash - imkonsiz. O‘g‘irlangan moddiy mol-
mulkni turli yo‘llar bilan yo‘qotish mumkin, lekin
ma'naviy o‘g‘rilikning izini yo‘qotish imkondan tashqari.
Chunki ko‘chirilgan matnning manbasi ham, o‘zi ham
ommaviy nusxada ko‘paytirib tarqatiladi va saqlanadi.
Ko‘chirmakashlik mualliflik huquqida quyidagicha aniq
ta'rifga ega: "Har qanday asar - ilmiy maqola, badiiy,
musiqiy yoki boshqa ijod namunalari muallif aqliy
faoliyatining mahsulidir. Ularni e'lon qilish muayyan
shaxsning mualliflik
Manba:Xabarlar.Ru
Joyladi: Guccifer | Vaqti: 21.11.2013 / 09:07 | O'qilgan: 2433 | Izohlar: (0)
1 2 3 >>
Яндекс.Метрика Statok.net