Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 yanvar kuni kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda 2022 yilda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani, 1 million aholi kasb-hunarga o‘qitilib, ish boshlashiga ko‘maklashilib, kambag‘allikdan olib chiqilgani ta’kidlandi.
Shu davrda 200 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yekti tashkil qilindi, 10 mingta korxonaning faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona quvvati tiklandi.
Qayd etilishicha, ayrim hududlarda sustkashliklar ham bor. Masalan, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida kambag‘allikni qisqartirish ko‘rsatkichi nisbatan ortda qolgan. Bir qator tuman va shaharlarda bandlik dasturi imkoniyatlar darajasida belgilanmagan.
Shu bois yig‘ilishda bandlikni ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yilgi rejalar muhokama qilindi.
«Kambag‘allikni qisqartirishning asosiy omili bu – aholini daromadli ish bilan ta’minlash. Shuning uchun ma’muriy islohotlar doirasida kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul 5 ta idora yaxlit tizimga aylantirildi. Yangi vazirlikka barcha tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar berildi. Endi, mehnat resurslari va ishsizlik hisobini yuritish ham, bandlikka ko‘maklashish va tadbirkorlikni mahallabay rivojlantirish ham bitta vazirlikda bo‘ladi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga 2023 yilgi bandlik dasturini tumanlar kesimida puxta ishlab chiqib, tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbari bunda e’tibor qaratish zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Avvalo, oilaviy tadbirkorlikka yanada turtki berish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishi ta’kidlandi. 2022 yilda bu maqsadga qariyb 10 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan edi. Joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi uchun 12 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Bunday kreditlarning eng yuqori miqdori ham oshiriladi.
Ta’kidlanishicha, bandlikni ta’minlashda yana bir katta manba bu – ziroatchilik. Ikki yil ichida aholiga 200 ming gektardan ziyod yer bo‘lib berilmoqda. Bu – Samarqand viloyatining jami paxta va g‘alla maydonidan ham ko‘p, degani.
Lekin, ayrim joylarda bu ishlar palapartish tashkil qilinyapti, ekinlar plantatsiya usulida ekilmayapti. Shu bois Prezident yerlarni aholiga qulay joylardan ajratish, ularda bozorbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bu yerlardan samarali foydalanib, 1 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi qayd etildi.
Davlat rahbari xalqqa murojaatida tuman va shaharlar iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratilishini aytgan edi.
Yig‘ilishda 4- va 5-toifalarga kirgan tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish ishlari ham yangicha tashkil qilinishi belgilandi. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda «temir daftar», «yoshlar daftari» va «ayollar daftari» yagona tizimga birlashtirilib, har bir oilaning yagona raqamli pasporti ishlab chiqiladi. Ikkinchi bosqichda ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual dasturlar tuziladi. Uchinchi bosqichda oila uchun kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik loyihalari amalga oshiriladi.