Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)

Energoinqiroz, Ortiqxo‘jayevning ketishi va maxfiy shartnomalar - ekspertlar bilan suhbat

Qator sanoat korxonalari gaz va elektr energiyasidan uzilib, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida sutkalik cheklovlar o‘rnatilgani ham vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lmayapti.

Hozir har bir o‘zbekistonlikning fikri-xayoli, tilida shu so‘zlar: uy sovuq, chiroq tez-tez o‘chmoqda, gaz past yoki umuman yo‘q.

Kun.uz muxbiri mamlakatning energiya inqirozi, undan chiqish yo‘llari va hukumat ko‘rayotgan choralar tahliliga bag‘ishlab siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos Hamid Sodiq va iqtisodchi Otabek Bakirov bilan intervyu o‘tkazdi.

— Suhbatni kecha va bugunning eng qaynoq mavzusi prezident ishtirokida o‘tgan yig‘ilish va unda jazolangan amaldorlar mavzusidan boshlasak. Jumladan, ishdan olinganlar orasida eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgani bu – Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning ishdan olinishi qarori.

Intervyuga tayyorgarlik davomida ijtimoiy tarmoqlarni kuzatarkanman, bu qarorga bo‘lgan turlicha munosabatlarni o‘qidim. Ular ichida Ortiqxo‘jayev hokimlikdan olinganidan xursand bo‘lganlar ham, va nihoyat mana endi poytaxtdagi tartibsiz qurilishlar, energetik va ekologik muammolar kamayadi deyotganlar ham, uning olinishi bu og‘ir vaziyatda shunchaki “qon chiqarib yuborish” bo‘lgani kabi ekani, ya’ni hech narsani hal qilmasligi, shunchaki odamlarni mavjud muammolardan chalg‘itish ekanini yozayotganlar ham bor.

Xo‘sh, siz tahlilchi sifatida Ortiqxo‘jayevning ishdan olinishini qanday qabul qildingiz, ya’ni kechagi o‘zgarishlarning mantig‘ini qanday tushunmoq kerak?

Otabek Bakirov:

— Yuqorida aytib o‘tganingiz ikki toifada ham emasman men. Ikkalasida ham haq gapni aytganlar bor. Umuman, kommunal sohani oladigan bo‘lsak, bizda respublika tashkilotlarining vakolatlari va shahar hokimliklarining vakolatlari qayergacha? Masalan, dekabr oyida davlat rahbarining Uchtepaga tashrifi chog‘ida «Pod’yezd uchun kim javobgar?» degan masalada shahar hokimligi ham, tegishli vazirlik ham javob berolmagan edi. Demoqchi bo‘lganim shuki, bu masalada Ortiqxo‘jayevning ham mas’ulligi bor. Lekin uning oldiga jiddiy savol qo‘yilishi kerak bo‘lganda, bu masala emas, boshqa masalalar qo‘yilsa, to‘g‘riroq bo‘lardi. Masalan, men Ortiqxo‘jayev o‘tgan besh yil ichida shahar uchun eng kerakli bo‘lgan ijtimoiy ne’matlarni yaratishdan shahar mamuriyatini butunlay chetlashtirdi deb hisoblayman. Yana masalan, u ma’muriyat va biznes manfaatlari to‘qnashuviga amal qilmagani masalasi bo‘yicha savol qo‘yilsa bo‘lardi. Va eng ko‘p ta’kidlanadigan masala: budjet samaradorligi bo‘yicha savol qo‘yish kerak edi.

Albatta, aytganingizdek, tartibsiz qurilishlar, shahar bosh rejasining yo‘qligi sharoitida infratuzilmaga tushayotgan og‘irliklar, oqibatlar. Bu oqibatlarni yaratayotgan odam unga o‘zi qarshi kurasha olmaydi. Bilamizki, amaldagi tizimda Ortiqxo‘jayev mas’ul va hisobdor faqat respublika rahbarlari oldida, shahar fuqarolari oldida emas. Ya’ni Toshkent shahrida yashovchi toshkentliklar va mehmonlar ta’sir ko‘rsatishga ega emas. Shuning uchun ham infratuzilma bardoshliligini yo‘qotgani, ekologiya masalalarida savol qo‘yganda, faqat Ortiqxo‘jayevga emas, yuqoriroqqa ham nazar tashlash kerak. Endi umidim shundayki, masalalarga shaxsga qarata javob bermaslik bo‘ladi. Keyingi shahar ma’muriyati asosiy ishni shaxslar bilan bog‘liq holatda ish yuritishga emas, qoidalar bilan ish ko‘radigan tizim yarata olishga qaratadi.

Kamoliddin Rabbimov:

— Bu yerda O‘zbekistondagi energetik tizim bilan bog‘liq bo‘lgan va hokimiyatning malakasi doirasida bo‘lgan muammolar mavjud. Masalan, Toshkent shahri ko‘chalaridagi qorni tozalash, yo‘ldagi xavfsizlik, elektr energiyasi kabilar. Bu masalalarda hokimiyatning vakolati katta. O‘ylaymanki, O‘zbekiston ertami-kechmi xalqaro tajribani o‘rganishi kerak. Masalan, Yevropa, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda har bitta tuman, aholi punktining aniq chegaralari mavjud. Ob-havoga qarab, taxminan 10-15 kun oldin vaziyat rejalashtiriladi. Deylik, nimadir rejalashtirilgan, ammo keskin ob-havo kutilayotgan bo‘lsa, o‘sha ishlar ortga surilib, yo‘llarga tuz sepish va shunga o‘xshash xavfsizlik choralari ko‘riladi.

Menda bir savol bor, lekin bu savol javobi mavjud emas. Umuman, Toshkent shahrida, O‘zbekistonning boshqa aholi punktlarida yo‘llardagi xavfsizlik va shunga o‘xshash ishlar uchun jalb qilinadigan mehnatkashlar yetarlimi? Biz doim hokimiyatni tanqid qilamiz, lekin masalalarni detallashgan holatda ham ko‘rib chiqishimiz kerak. Toshkent shahrida ham faqat markaziy ko‘chalar tozalangan. O‘sha ko‘chalarda ham qorlar ko‘cha o‘rtasiga uyib qo‘yilgan, bu ham xavf tug‘diradi.

Yuqorida tizim haqida aytib o‘tildi. Mana shunday tizim bo‘lishi kerak. Ya’ni ertami-kechmi, albatta, tizim yaratish kerak. Har qanday siyosiy-boshqaruv tizimining o‘z konstruktiv zo‘riqish vektorlari bo‘ladi. Yuqorida turuvchi rahbarlar pastdagilarga bosim qilishi emas, oldindan joriy qilingan mexanizm ishlashi kerak. Bunday ishlashga o‘tishimiz lozim. Ya’ni yetarlicha shaxslar ishga olinishi, ularning qo‘lida aniq reja bo‘lishi kerak va hududlarning chegarasi aniq belgilangan bo‘lishi lozim. Butun dunyoda biror bir aholi punktiga kirib borishda uning nomi bo‘ladi va o‘shanga ma’lum bir necha yuz metr qolganda o‘sha yerning vakolati boshlanadi. Chegaradan tashqarisi esa boshqa bir shahar yoki aholi punkti vakolatidagi joy hisoblanadi.

Afsuski, tizim shakllangani yo‘q bizda. Bu haqda gapirilmayapti ham. Lekin prezident bizga «qo‘l boshqaruvi» emas, tizim kerak, deyapti.

Odatda bunaqa tizimni markazlashgan hokimiyat qila olmaydi. Davlat institutlari, demokratik institutlarning funksiyasi kollektiv boshqaruvdan iborat. Agar faqat markazlashgan tizim bo‘lsa, tanqid qiluvchi ham, qilinuvchi ham o‘sha markazning o‘zi bo‘lib qolaveradi. Bizda Konstitutsiyada ko‘rsatilgan bunday demokratik institutlar bor, lekin ishlashi kerak ular. Deylik, parlamentda ish to‘la bo‘lmayapti, birorta fraksiya o‘sha masalalarni ko‘tarmayapti? Nega hokim ishdan olingunga qadar Toshkent shahar xalq deputatlar Kengashi o‘sha masalalarni ko‘tarmadi? Faqat prezident aytganidan so‘ng bo‘lyapti. Eski siyosiy zehniyat mavjud hali ham, ya’ni katta nima desa shu, degan. Bu — noto‘g‘ri. Tizimda bir-birini tiyib turish, bir-birining kamchiliklarini ko‘rsatish, o‘zaro taftish qilish mexanizmi ishlasa, vaziyat bu holatgacha kelmaydi.

Hamid Sodiq:

— Ortiqxo‘jayevning faoliyatidan kuzatsa bo‘ladi, xuddi bu Markesning «Oshkora qotillik qissasi»ga o‘xshaydi. Ya’ni bu kutilayotgan holat edi. Ortiqxo‘jayev hokimiyatga kelishida prezident aytganidek, tizim odami emasdi. Bunday insonlar bizniki kabi siyosiy tizimda zaif qatlam hisoblanadi. Ortiqxo‘jayev faoliyatida hokimiyat xarakterini, mohiyatini tushunmasdan qilingan harakatlar, holatlar ko‘p. Ayrim masalalarni hal qilishda tizimli emas, balki joyida pul yoki boshqa bir vositalar bilan hal qilish kabi holatlar bor. Masalan, talabalarga yotoqxona qilib berish holati ham shu jumladan. Mana shu kabi qonunsiz qilingan harakatlar unga nisbatan jamiyatda ham, siyosiy elitada xam negativlarni shakllantirdi. Bunday negativlarga to‘lib qolgan insonlar doim yo‘q qilinadi tizimda. Mening nazarimda, bunday mansabdorlarning taqdiri shu tarzda tugashi ma’lum.

Bu yerda tizimli boshqaruv yo‘q. Tizimli boshqaruv bo‘lmagan joyda har bir mansabdor shaxs ma’lum bir qonundan tashqari bo‘lgan harakatlarni amalga oshiradi va shu harakatlar uchun javobgarlikni o‘zida saqlab kelaveradi.

Hokim bo‘lsangiz, negativlar bilan to‘lib bo‘lasiz. Har qanday muammoning markaziy asosi shaffof saylovlar mavjud emasligida. Tizimli boshqaruv vujudga kelishining asosi ham shaffof saylovlar va qonun ustuvorligi. Qo‘lda boshqarishning markazida shaxs turadi, tizimli boshqaruvda esa qonun. Masalan, Singapur konstitutsion avtokratiya, shaffof saylovlar yo‘q, lekin qonun ustuvor. Bizda esa ikkoviyam yo‘q.

Otabek Bakirov:

— Shu yerda bir narsani qo‘shimcha qilmoqchiman. Biz 2017 yildan boshlab ma’muriy buyruqbozlik va markazdan turib boshqarishdan voz kechmoqchi edik. Bu yo‘lda biz «markazsizlantirish» vositalarini amalda ko‘rmoqchi bo‘ldik va mahalliy hokimlar ixtiyoriga mablag‘larni qoldirdik. Lekin shu bilangina chegaralanib qoldik. Bugungi O‘zbekistonda mahalliy hokimiyat avvalgidan ancha katta moliyaviy imkoniyatga ega. Lekin tayinli institutlari mavjud emas. Pul bor, lekin uni samarali sarflash harakatlari yo‘q. Bu aynan bizda markazsizlantirish harakatining yarim yo‘lda qolib ketgani bilan bog‘liq. Qachonki, hokimliklar vakolati qaysidir institutlar bilan cheklanganda, bu samara berishi mumkin.

Biz faqat Ortiqxo‘jayev misolida gapiryapmiz, lekin bu narsa hamma viloyat hokimlariga tegishli holat. Hozirgi krizis Toshkentda ko‘lami kengligi va axborot yetkazish yaxshi bo‘lgani uchun shovqin ko‘tarildi. Lekin hamma viloyatda bu holat bor. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, markazsizlantirish davom etishi kerak, lekin endi hisobdorlikni ham qo‘shish kerak bunga.

So‘nggi 9 oy yakuni bo‘yicha budjet e’lon qilindi. Toshkent shahrining budjeti butun boshli Qirg‘iziston budjetidan katta. Hech qachon mahalliy hokimliklarda bu qadar katta mablag‘ bo‘lmagan. Mana shunday katta resursga ega bo‘la turib, bulardan maqsadli foydalanilmayapti.

Hamid Sodiq:

— Bu yerda yana bir narsa bor. Qo‘lda boshqaruv tizimining «egizi» bu — kuch ishlatish. Qo‘lda boshqarildimi, albatta, kuch ishlatiladi. Tizimli boshqaruvda esa saylanib keladi rahbarlar va erkinlik beriladi. Bizda qo‘l boshqaruvi bo‘lyapti va erkinlik berilyapti. O‘z-o‘zidan vakolatlarini bajarmayapti. Chunki qo‘l boshqaruvida kuch ishlatish bo‘lishi kerak yonida.

Ortiqxo‘jayev ketayotganda, men uning o‘rniga qattiqqo‘l inson kelsa kerak, deb taxmin qilgandim...

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Яндекс.Метрика