Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)

«Afg‘onistonlikmiz desak, Tolibon deb qo‘rqishadi» - afg‘on talabalari O‘zbekistonda pulsiz va ishsiz qolmoqda

Afg‘onistonning sobiq hukumati bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘nlab afg‘onistonlik talabalar O‘zbekistonga o‘qishga kelgan. Hozirda O‘zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetida o‘qiyotgan 7 nafar talaba Kun.uz’ga pulsizlik va ishsizlikdan qiynalayotgani haqida gapirib berdi. Tahririyat bilan bog‘langan fakultet rahbariyati va xodimlari ham ularga ish topish ilinjida.

«Sobiq hukumat bilan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston bizni o‘qishga chaqirdi. Davlatimiz tomonidan birinchi marta shu yerga kelganimizda 44 kishi edik, hammamiz har xil universitetga kirganmiz — O‘zMUda 7 kishi, Islom Akademiyasida 7 kishi va boshqa universitetlarda ham talabalar bor», — deydi Afg‘onistonning Parvon viloyatidan o‘qishga kelgan Said Naqib Hashimiy.

Said Naqib Hashimiy / Foto: KUN.UZ

Ular jurnalistika fakulteti (O‘zbekiston Milliy Universiteti)ga o‘qishga kelishdan oldin Surxondaryoning Termiz shahrida o‘zbek tili kursida o‘qib, o‘zbekchani o‘rgangan.

O‘zMU jurnalistika fakultetining amaliyot bo‘yicha mas’ul xodimi Akbar Abduraimovning aytishicha, afg‘onistonlik talabalar 2022 yil fevral oyida 1-kursning ikkinchi yarmidan qabul qilingan.

«Bungacha bo‘lgan davrda ular Afg‘onistonda avvalgi hukumat bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. U yerda hukumat almashgan. O‘zbekistonda ularni o‘qitish tekin, yotoqxona bilan ham bepul ta’minlanadi. Hozir Milliy Universitet yotoqxonasida boshqa xorijlik talabalar bilan istiqomat qilib kelishyapti. Bundan tashqari, turli xayriya tadbirlari tashkil etilib, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashlar ham bo‘lib turibdi», — deydi Akbar Abduraimov.

O‘zi va do‘stlari duch kelayotgan muammolar haqida gapirar ekan Hashimiy ularga ish kerakligi, puli yo‘qligini aytadi.

«Biz jurnalistika fakultetida o‘qiyapmiz, agar media sohasida ish topsak, juda yaxshi bo‘lardi», — deydi u.

Lag‘monlik Muhammad Ibrohim Ano‘sh esa ularda media sohasida ishlash uchun eng katta muammo o‘zbek tili ekanligini aytadi. Ammo u ingliz tilini yaxshi biladi, 5 yil davomida BBC’da avvaliga radio dramada aktyor va keyinchalik ingliz tilida drama yozuvchisi sifatida ishlagan.

Muhammad Ibrohim / Foto: KUN.UZ

«Bizning eng katta muammomiz — til. Biz o‘zbek tilini unchalik yaxshi bilmaymiz. Men Afg‘onistonda radio va televideniyeda ishlaganman va ko‘p ishlarni qila olaman. U yerda biz tojikcha va pushtunchada gaplashardik, endi O‘zbekistonda til masalasi bo‘yicha bizda muammo bo‘lishi mumkin. Ammo video va fotoga olib, ularni tahrirlay olaman. Radioda hamma dasturlarda ishlay olaman. Afg‘onistonda 15 yoshlar bo‘lganimda studiyada ishlaganman. Asosiy muammo o‘zbek tili, ammo ingliz tilini bilaman», — deydi u.

Saripullik Sayyora Hadid esa o‘zbek tilida ancha ravon gapiradi. Sayyora ish beruvchilar o‘rinsiz qo‘rquvlar tufayli ularga ish berishni xohlamasliklarini aytadi.

«O‘zim ish uchun biror joyga bormadim. Yigitlar ish izlab borganda, hujjat kerak, deb ish berishmapti. To‘g‘risini aytsam, afg‘onistonlik desak, hamma qo‘rqadi, bizni tolibondan deb o‘ylaydi. Ammo biz tolibondan emasmiz, faqat davlat o‘zgargan, hukumat tepasiga toliblar kelgan. Shuning uchun hujjat so‘rab borishganda, ish beruvchilar «yo ish hujjati yoki ish vizasi bo‘lsin, aks holda sizlarni ishga qabul qila olmayman», degan. Bizga pul kerak, ish bo‘lsa, qilishga hozirmiz. Chunki Afg‘onistondan bizga pul jo‘nata olishmaydi, banklar yopiq. Jo‘nata olgan taqdirda ham juda qiyinchilik bilan kechadi», — deydi Sayyora.

Sayyora Hadid / Foto: KUN.UZ

Badaxshon viloyatidan kelgan Ferutan Amiriy Farxunda esa u va do‘stlari bu yerga faqat o‘qish maqsadida kelganini ta’kidlaydi.

«Biz afg‘onistonlik talabalarmiz — O‘zbekistonga faqat yaxshi niyatda keldik, maqsadimiz faqat dars, boshqa narsa emas. Kelajakda yaxshi jurnalist bo‘lib, o‘zbek tilida maqolalar va kitoblar chiqarishni xohlayman», — deydi u.

Termizda ishlagan, asli Tahor viloyatidan bo‘lgan Nabiullo Favod esa har qanday ishni qila olishini aytadi.

«Bizga har ish bo‘lsa, farqi yo‘q, qurilish bo‘lsa ham. Men 6 oy Termizda ishladim va biroz pul topdim. Pullarimni ishlatdim, hozir esa bizda pul yo‘q va hammamiz moliyaviy qiyinchilikdamiz», — deydi Nabiullo.

Nabiullo Favod / Foto: KUN.UZ

«Shu vaqtgacha pulsiz qanday yashab keldingiz?» — degan savolimizga Sayyora Hadid shunday javob berdi:

«Darsga kelishdan oldin hukumat o‘zgarib qoldi va bizni darsga kiritishmadi. Biz o‘sha paytda ishladik va biroz pul yig‘dik. O‘sha pullarni ishlatib tugatdik va yaqinda Afg‘onistonga borganda yana o‘zimiz bilan biroz mablag‘ olib keldik».

Fakultet mas’uli Abduraimovga ko‘ra, ish taklif qilayotgan OAV o‘zbek tilini bilishni talab etgani bois, afg‘onistonlik talabalarga ish topilishi biroz qiyin kechmoqda:

«Ish masalasiga kelsak, bilasiz, mamlakatimizda OAV soni juda ko‘p va vakansiyalar ham bor. Fakultetimizda shunday an’ana borki, har oyda 2–3ta OAV kelib talabalarimizni sinovdan o‘tkazib, saralab ishga taklif qilyapti. O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili bo‘lgani uchun OAV asosan o‘zbek tilida faoliyat yuritadi, shuning uchun talabalarimiz ham o‘zbek tilida gapirishga, yozishga harakat qilyapti», — deydi Akbar Abduraimov.

Ma’lum bo‘lishicha, talabalarda hozir viza bilan bog‘liq muammo ham bor. Sayyoraning so‘zlariga ko‘ra, ular birinchi marta O‘zbekistonga kelishi uchun O‘zbekiston ularga multipal viza bergan va istalgancha Afg‘onistonga borib kelishlari mumkin bo‘lgan.

«Bir yildan keyin O‘zbekiston viza bermasligini aytdi, biz hayron bo‘lib qoldik. UNICEF tomonidan 6 oylik viza oldik. Ammo endi hayronmiz, bizga vizani kim beradi? O‘zimiz olamiz desak, pulimiz yo‘q. Vizaning 6 oyligi 260 dollar, bir yilligi esa 800 dollar bo‘ladi», — deydi Sayyora.

Vizaga oid vaziyatni tushuntirarkan, Akbar Abduraimov bu Afg‘onistonda hukumat almashgani bilan bog‘liq muammo ekanini aytadi.

«Viza bilan bog‘liq muammolar ham boshida uchradi. Yoz oyida ular uylariga ketmoqchi ekanligini aytishdi, biz talabalarga universitetdagi mavsumiy ishlarni ham taklif qildik, shunda ular «uyimizga borib kelmasak bo‘lmaydi», deyishdi. Ular vatandan uzoqqa endi chiqishi. Universitetning xalqaro bo‘limi va Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida viza masalalarini hal qilib berdik. To‘g‘ri, biroz ortga surilgan bo‘lishi mumkin, ammo talabalarning o‘qish jarayoniga kechikmasliklari uchun harakat qilib kelyapmiz, sentabr boshida o‘qishga yetib kelishdi.

O‘zlarining elchixonasi va konsulliklari bilan uchrashib turishibdi. Universitet hozir qo‘yilgan talabni yuz foizga bajaryapti: ta’lim olishi va bepul yotoqxonadan foydalanishi ta’minlanyapti».

Guvohi bo‘lganingizdek qo‘shni davlat talabalari o‘zbekiston ishlash, pul topish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishgan. Yaqinlaridan pul olaylik desa, Afg‘oniston bilan bank o‘tkazmalari ishlamayapti.

Xo‘sh, O‘zbekistonda xorijlik talabalarning ishga yollanish tartibi qanday?

«Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunning 107-moddasiga muvofiq, Mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan chet ellik fuqaro ish beruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma mavjud bo‘lgan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi hududida yollanib ishlashi mumkin.

Ya’ni, chet ellik fuqaroning o‘zi emas, balki ish beruvchi xorijlik fuqaroni ishga yollash uchun tasdiqnoma olishi kerak.

Buning uchun ish beruvchi davlat xizmatlari markazlariga shaxsan kelib murojaat qiladi va tasdiqnomani elektron shaklda olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki onlayn-maydonchada ro‘yxatdan o‘tadi.

Qonunda ishga jalb etilmaydigan xorijlik fuqarolar ro‘yxatida talabalar yo‘q. Ya’ni, O‘zbekistonda talabalar darsdan bo‘sh vaqtlarida rasman ish bilan band bo‘lishlari mumkin. Demak, bundan ko‘rinadiki, O‘zbekistonda ta’lim olayotgan xorij fuqarosi bo‘lgan talabalar darsdan bo‘sh vaqtlarida ishlashlari mumkin.

Biroq ish beruvchi ularni ishga qabul qilishi uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan tasdiqnoma olish talab etiladi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Operator va montaj ustasi Javohir G‘ayratov

Яндекс.Метрика