Tayvanda raketalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi harbiy mansabdor Ouyan Lisin jonsiz holda topildi. Bu haqda Tayvan markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Ouyan Lisin Pindun uyezdida o‘tkaziladigan tadbirda qatnashish uchun xizmat safarida bo‘lgan. U belgilangan vaqtda ko‘rinmagan. Mahalliy vaqt bilan soat 7:20da yordamchisi uni mehmonxonadagi xonasida jonsiz holda topgan.
Politsiya xonani va mehmonxona kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirgan. Ouyan Lisinning xonasiga hech kim kirmagani aniqlangan, tanasida esa kurash yoki jarohat izlari topilmagan. Uning oila a’zolari so‘zlariga ko‘ra, 57 yoshli amaldorning yuragida muammo bo‘lgan.
Agentlikning ma’lumot berishicha, Ouyan Lisin ilgari Tayvan mudofaa vazirligi tarkibiga kirgan Chjunshan fan va texnologiya instituti (NCSIST) bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lgan. Institut 2014 yilda bevosita orol hukumatiga bo‘ysunuvchi ma’muriy korporatsiyaga aylantirilgan.
NCSIST mudofaa texnologiyalari va qurol ishlab chiqish, ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadi hamda texnologiyalar va ma’lumot almashish sohasidagi xalqaro hamkorlik uchun mas’ul.
Ouyan Lisin joriy yil boshida ushbu lavozimga tayinlangan bo‘lib, raketalar ishlab chiqish va ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarga rahbarlik qilgan. U Vashington universitetida doktorlik darajasini olgan va ilgari Tayvan qurolli kuchlari tizimida ishlagan.