Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)

Mualliflik huquqini buzgan resurslar bloklanadi. Konstitutsiya loyihasi Twitterda muhokama qilindi

Audiochatga soha mutaxassislari — ekspert-huquqshunoslar taklif etildi. Xususan, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Norquvatov, huquqshunos Madina Tursunova, kinorejissyor Jahongir Ahmedov hamda boshqa mutaxassislar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Suhbat tashkilotchisi va boshlovchisi Hikmatilla Ubaydullayevning qayd etishicha, aynan intellektual mulk himoyasi eng muammoli sohalardan biri ekani ushbu mavzuni muhokamaga olib chiqishga turtki bergan.

“Hamma yo‘nalish — adabiyot, san’at, ijod, umuman, barcha sohada mualliflik huquqi juda qo‘pol ravishda buziladi. Buning eng katta sabablaridan biri — mualliflik huquqini hurmat qilish madaniyati shakllanmagani hamda ijodkorlar o‘z huquqlarini yaxshi bilmasligida. Shuning uchun ham ushbu mavzuni ekspertlar ishtirokida muhokama qilish dolzarb deb hisobladik”, — deydi u.

Audiochat ikki soatdan ko‘proq davom etdi. Unda 1800 nafardan ortiq foydalanuvchi qatnashdi, 10dan ziyod mutaxassis o‘z fikrlarini bayon qildi.

Mualliflik huquqini buzgan resurslar bloklanadi

Sanjar Norquvatov, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i:

Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sari mualliflik huquqi bilan bog‘liq masalalar ham ko‘paymoqda. Ayniqsa, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda badiiy va san’at asarlarini o‘z resurslariga noqonuniy joylashtirish ko‘p kuzatilmoqda. Shu bois Adliya vazirligida mualliflik huquqiga rioya etmayotgan resurslar reyestri yaratilmoqda. Ushbu reyestrga muntazam ravishda qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan resurslar kiritiladi va ularning faoliyati cheklanadi.

Asosiy muammo — mualliflar o‘z intellektual mahsulotini boshqa insonga berayotganda shartnoma tuzmasligi. Ular, odatda, og‘zaki kelishishadi va shuning ortidan ko‘plab masalalar paydo bo‘ladi. Bu borada ularning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.

Xorij tajribasi qanday?

Madina Tursunova, huquqshunos:

Afsuski, bizda onlayn resurslarda mualliflik huquqini ta’minlash juda qiyin masalalardan biriga aylandi. Chunki, masalan, qaysidir veb-saytda o‘zingizga tegishli kontentga duch kelsangiz, uni faqatgina o‘sha resurs administratori olib tashlashi mumkin.

Bu borada xorij tajribasi qanday? Xorijda qaysidir veb-resurs bilan bog‘liq muammoga duch kelsangiz, o‘sha veb-resurs joylashgan xostingga murojaat qilasiz. Xosting esa sizning shikoyatingizni ko‘rib chiqishga majbur, aks holda, u ham mualliflik huquqini buzgan deb hisoblanadi. Mualliflik huquqi buzilgan kontentni resursdan olib tashlash ana shunday tartibda bajariladi. Shu bois bu masalani muhokama qilayotganda nafaqat qonunchilik, balki texnik tomonlama ham ko‘rib chiqishimiz lozim. Bizda bunday normalar yo‘q va qonunchilik shu asosda takomillashtirilishi kerak.

MIB foydalangan surat

Muhiddin Ali, fotograf:

Men 10 yildan beri fotograflik sohasida ijod qilib kelaman. Yuqoridagi gaplarni eshitib, bir qiziq voqeani aytib bermoqchiman.

Esimda, 2-3 yil oldin Instagramdagi sahifamdan oilaviy rasmimni olib, katta bir tashkilot ajrim haqidagi bannerda foydalanibdi. Buni menga quda tomondan odamlar yuborishgan. Eng qizig‘i, bu banner — insonlar huquqi uchun kurashadigan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi banneri edi. Bu masalada byuro axborot xizmati bilan bog‘lanib, 50ta bolalar adabiyotini xarid qilish va bannerlarni olib tashlash shartini qo‘yganman. Lekin banner baribir to‘liq olib tashlanmadi.

Inson qachon mualliflik huquqi buzilishiga to‘g‘ri keladi? Birinchi marta partadoshining daftaridan ko‘chirgandami? Demoqchimanki, bolalarni boshidan mualliflik huquqiga hurmat ruhida tarbiyalashimiz kerak. Bu masala boshlang‘ich sinf o‘uvchilari darsligiga kiritilishi lozim deb o‘ylayman.

Amerika kinosi va yaponlar

Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos, bloger:

Mualliflik huquqi bo‘yicha shartnoma tuzilayotganda, ijodkorlarni uning shartlarini o‘qishga o‘rgatishimiz kerak. Juda ko‘plari shablon shartnomalar bo‘ladi, rus tilida bo‘ladi. Shuning uchunmi, aksariyat ijodkorlar uni o‘qimay qo‘l qo‘yadi. Asosiy kelishuvlar shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Bizda afsuski, nomoddiy predmetlar negadir o‘g‘rilik hisoblanmaydi. Yaponiyada o‘qigan tanishim bir voqeani gapirib berdi: hali Yaponiyada namoyishi boshlanmagan juda mashhur Amerika kinosi haqida gaplashib o‘tirganimizda men o‘sha kinoni ko‘rganim haqida aytdim. Yaponlar bundan hayratlanib, menga ancha kun mualliflik huquqi haqida gapirib yurishdi. Aslida biz ham shunday bo‘lishimiz, har birimiz mualliflik huquqini hurmat qilishni o‘zimizdan boshlashimiz kerak.

Twitter’da ushbu muhokama ko‘pchilikda ijobiy taassurot qoldirdi. Buni foydalanuvchilar qoldirgan izohlardan ham bilish mumkin.

 

Яндекс.Метрика