Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)

“Jihozlar ta’minotchining aybi bilan kuysa, tovon puli to‘lab beriladi” – vazir o‘rinbosari

Kuz-qish mavsumida IESlarimizda qo‘shimcha quvvat paydo bo‘ladi. Beshta yangi hamkor bilan ishga tushirilgan IESlarimiz bor. Shundan uchtasi Toshkent viloyatida, bittasi Buxoroda, yana biri Xorazmda. O‘tgan yili biz ularni deyarli ishlatmadik. Xudo xohlasa, kelayotgan kuz-qish mavsumida ularning foydasini haqiqatda sezamiz.

– Iste’molchiga me’yoridan ortiq yoki kam kuchlanishda elektr energiyasi berilishi yoki tez-tez uzilishlar natijasida aholining uskunalari kuysa, sud orqali zararni qoplatish imkoniyati mavjudmi? Iste’molchiga zarar qoplab beriladimi?

– Bunday imkoniyat mavjud. Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarida, undan tashqari, bir necha qonunda iste’molchilar huquqlari aniq ko‘rsatib berilgan. Elektr ta’minotidagi muammolar tufayli qandaydir qurilmalar ishdan chiqqanda yoki iste’molchi boshqa ko‘rinishda zarar ko‘rganda, bu haqda sud idoralariga murojaat qilishi mumkin.

Iste’molchi zarar ko‘rishiga elektr tarmoqlari korxonasi sabab bo‘lganini sudda isbotlab bergan taqdirda sud qaroriga asosan unga kompensatsiya to‘lab beriladi. Ayni paytda qo‘limda bunday ishlarga doir statistik raqamlar yo‘q, lekin iste’molchilar bilan katta-katta sud jarayonlari bo‘lib o‘tganidan xabarim bor. Ayrim holatlarda sud iste’molchi foydasiga, ayrim holatlarda esa hududiy elektr tarmoqlari korxonasi foydasiga qaror chiqarganiga guvoh bo‘lganman.

Qaysi holatlarda iste’molchi haq deb topiladi va unga tovon puli to‘lab beriladi? Iste’molchiga elektr tarmog‘iga ulanish bo‘yicha texnik shartlar beriladi. Ba’zida ular texnik shartlarni bajarmasligi, mutaxassislarimiz tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlarni to‘liq bajarmasligi kuzatiladi. Shuning oqibatida qandaydir zarar ko‘rsa, elektr ta’minoti korxonasi aybdor deb topilmaydi. Lekin texnik shartlarni to‘liq bajargan bo‘lsa, ayb ta’minotchi korxonada bo‘ladi.

– Iste’molchilarga elektr energiyasi 220 V kuchlanishda emas, undan pastroq, masalan, 160-180 V kuchlanishda yetkazib berilayotgani, buning natijasida qurilmalar ishlamayotgani haqida ko‘plab shikoyatlar bor. Aholini past kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta’minlab, “tok bormi, bor”, qabilida ish tutishga sabab nima bo‘lmoqda?

– Transformator yoki kabel tarmog‘i zo‘riqib ishlayotganda kuchlanish tushib ketadi. Qaysidir stansiyadan elektr energiyasi kamroq ishlab chiqarilgani kuchlanish tushib ketishiga sabab bo‘lmaydi. Boshqa til bilan aytganda, biz pasaytirish evaziga elektrni aholiga kam kuchlanishda bo‘lsayam tarqatib berdik degan prinsip bu yerda ishlamaydi. Bu fizika qonunlariga zid.

Transformatorlar zo‘riqib ishlashi natijasida kuchlanish o‘z-o‘zidan tushib ketadi, elektr tarmoqlari korxonasi iste’molchilarga ataylab past kuchlanishli elektr yetkazib bermaydi. Tarmoqlar uzunligi, standartga javob bermasligi, simlar kesim yuzasi talabdan ko‘ra kichkinaroqligi tufayli kuchlanish tushib ketadi.

Lekin ba’zi odamlarda noto‘g‘ri tushuncha uyg‘onishi mumkin, jaydari tilda tushuntiradigan bo‘lsam, yuzta xonadonga yetarli bo‘lgan elektr energiyasi  120-130 ta xonadonga taqsimlab berilgani tufayli kuchlanish tushib ketyapti deb o‘ylashadi. Yo‘q, aslida unday emas. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi stansiyalarda chiqayotgan vaqtda sifat ko‘rsatkichi to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin mana shu mahallalarda o‘rnatilgan transformator 100 ta xonadonga mo‘ljallangan bo‘lib, unga 120-130 ta xonadon ulanib olgani uchun kuchlanish tushib ketadi. Muammoning sababi – shu.

Endi odamlarda savol tug‘iladi: nimaga bu holat bahorda kuzatilmaydi, nega kuzda kuzatilmaydi? Xonadonlar soni o‘sha-o‘sha-ku deyishlari mumkin. To‘g‘ri, xonadon soni o‘zgarmaydi, lekin har bitta xonadonning shu transformatorga bo‘lgan yuklamasi o‘zgaradi.

– Bu javobingiz yangi bir savolni tug‘dirmoqda. Shaharda qurilishlar kundan kunga ko‘paymoqda, bu jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi. Shunday vaziyatda bu muammoni qanday hal qilmoqchisizlar?

– Buning yagona yo‘li sohaga tarmoqlarni rivojlantirish uchun moliyalashtirish manbalarini aniqlab berish va ko‘paytirish. 4 mingtamas, 6 mingta yoki 7 mingtamas, 8 mingta transformator qo‘yishimiz kerak.

Elektr tarmoqlari korxonalari budjetdan mablag‘ oluvchi emas, balki budjetga soliq to‘lovchi hisoblanadi. Buni ko‘pchilik bilmaydi. Bizga budjetdan mablag‘ ajratilmaydi. Hozirgi kunda ikkita yo‘limiz bor: yoki qarzga botib kredit olish, yoki elektr energiyasi narxini oshirish. Qarzga botib kredit olishning ikkita yomon tomoni bor. Birinchisi, bu davlat tashqi qarzi oshishiga olib keladi, chunki kichkina mablag‘lar haqida gap ketmayapti. Ikkinchisi, olingan kreditlarni baribir kelajak avlod to‘lashi kerak.

To‘g‘ri, faqat narxlarni oshirish evaziga sohani o‘nglab bo‘lmaydi. Bu yerda kompleks yondashuv talab qilinadi. Xarajatlarning bir qismi kreditlar hisobiga qoplansa, bir qismi soha daromadlarini oshirish evaziga qoplanishi kerak.

– Keyingi yil yozda vaziyat qanday bo‘ladi? Yaqinlashib kelayotgan kuz-qish mavsumida iste’molchilar nimalarga tayyor bo‘lishlari kerak?

– Kuz-qish mavsumida IESlarimizda qo‘shimcha quvvat paydo bo‘ladi. Beshta yangi hamkor bilan ishga tushirilgan IESlarimiz bor. Shundan uchtasi Toshkent viloyatida, bittasi Buxoroda, yana biri Xorazmda. O‘tgan yili biz ularni deyarli ishlatmadik. Xudo xohlasa, kelayotgan kuz-qish mavsumida ularning foydasini haqiqatda sezamiz.

Keyingi yil yoz mavsumiga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak. Past kuchlanishli tarmoqlarni rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Osiyo taraqqiyot bankidan ma’lum bir miqdorda kredit olinishi rejalashtirilgan. Moliyaviy sir bo‘lgani uchun qancha mablag‘ olinishini hozircha ochiqlay olmayman. Lekin keyingi yil mana shu mablag‘lar hisobidan asosan nimstansiya va transformatorlarni yangilaymiz.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchilar: Abduqodir To‘lqinov, Asadbek Kuryazov
Montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Яндекс.Метрика