Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:

O‘lchovlar va maqsadning to‘g‘riligi hamda halollik – Biznesda baraka omillari mavzusida suhbat

Kun.uz qadriyatlarga asoslangan biznesdagi baraka omillari mavzusida Islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis hamda tadbirkor Kozimxon To‘rayev bilan suhbat uyushtirdi.

— Assalomu alaykum, Kozimxon aka. Avvalo Islomda musulmon kishi pulga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi kerak? Shu haqda ma’lumot berib o‘tsangiz.

— Islom dinining ham rivojlanishi va o‘sishida pul muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Dinimizning asosiy 5 ta farz amallaridan 4 tasida pul va moddiyatning ahamiyati bor. Masalan, namoz o‘qish uchun kiyim, masjid kerak. Ro‘za tutish uchun taom sotib olish kerak. Zakot va haj esa to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy holatga bog‘langani ham sir emas. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytgan hadis ham bor: «Musulmon odam uchun eng yaxshi rizq — bu o‘z qo‘li (kasbi) bilan topgan rizqidir». Bunda ham xulosa qilish mumkinki, musulmon odam ishlashga, chiqib pul topishga targ‘ib qilingan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom ikkita odamga havas qilish mumkin, deydi: «Birinchisi, boy inson. U boyligini halol yo‘lda topadi va halol yo‘lda ishlatadi…»

— Islom dinida o‘z ehtiyojidan ortiq moddiy yoki pul ko‘rinishida boylik orttirish maqsadida harakat qilishga, aniqrog‘i biznes qilishga qanday qaraladi?

— Islom dinida biznes qilishga ham ijobiy qaraladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlarki, rizqning o‘ndan to‘qqiz qismi tijoratda, ya’ni hozirgi til bilan aytganda, biznesda. Tarixni olib qarasak, Payg‘ambarimiz alayhissalom ham tijorat bilan shug‘ullangan. Asosiy masala – pulni haloldan topish va halol narsalar uchun ishlatish.

Men AQSh va Yaponiyadagi biznes muhitni ko‘rib, ko‘p narsani o‘rganish mumkinligini his qildim. Masalan, ular biznes etikaga rioya qilish, mijozlarning brendga bo‘lgan sadoqatini saqlab qolish uchun juda katta pullar sarflashadi. Vaholanki, bizning qadriyatlarimizda – Qur’on va hadisda bu narsalar ham aytilgan. Men Islom taraqqiyot bankida ishlab O‘zbekistonga qaytganimdan keyin bu narsa ustida ishladim. Hozirda «Biznesda baraka omillari» nomli tadbirkorlarga amaliy qo‘llanma tayyorlaganmiz.

— Biznesni boshlashda, uni yuritish davomida nimalarga e’tibor qilish kerak?

Foto: Kun.uz

— Avvalo, biznesni boshlashda o‘z oldiga to‘g‘ri maqsad qo‘yish kerak. Alloh taolo har bir insonni o‘ziga ibodat qilish uchun yaratganini aytadi. Shu sababli musulmonlar har bir ishini to‘g‘ri niyat bilan qilsa, har bir ishi savob hisoblanib, o‘sha uchun ham savob olishi mumkin. Biznes muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun Qur’on va sunnatda kelgan tavsiyalarga amal qilishi kerak. Shu bilan bir qatorda, marketing, boshqaruv ilmi va moliyaviy savodxonlik kabi dunyoviy ilmlarni ham o‘rganishi, sabablarni ushlashi kerak.

— Biznesda baraka omillari nimalardan iborat?

— Kitobimizda biznesdagi bir qancha baraka omillarini keltirdik. Ularning eng muhimlarini sanab o‘taman. Avvalo, inson halol sohada biznes yuritishi kerak. Barakaning yana bir omili insonning biznesi Allohning zikri, namoz va zakot kabi ibodatlardan to‘sib qo‘ymasligi, unga xalaqit qilmasligi kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday insonlarni maqtaydi. Bundan tashqari, Alloh taolo tarozidan urib qolmaslikka, o‘lchovlarni to‘g‘ri qo‘yishga buyurgan. Qur’onda tarozidan urib qolmaslik, to‘g‘ri o‘lchashning insonlarning o‘ziga foydasi borligi haqida aytiladi. Bu zamonaviy marketingda ham mavjud qoidalardan biri hisoblanadi. Sizning o‘lchovlarda to‘g‘riligingiz va halolligingiz kompaniyangiz imijiga ijobiy ta’sir qiladi.

— Ko‘plab mashhurlar o‘z foydasining bir qismini tizimli ravishda xayr-ehson qilib borishi haqida eshitganmiz. Masalan, foydaning 10 foizi yoki ko‘proq qismi. Tadbirkor uchun bu qanchalik muhim?  

— Hadislarda insonlar berayotgan sadaqalar – xayr-ehson yoki zakot bo‘lsin, ularning mol-dunyosini kamaytirmasligi aytiladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: «Ayt: «Albatta, Robbim bandalaridan O‘zi xohlagan kishiga rizqni keng qilur va tor qilur. Har bir nafaqa qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U Zot rizq beruvchilarning yaxshisidir». (Sab’a surasi 39 -oyati)

Tadbirkor nimagadir pul tiksam, qancha foyda olaman, deganidek, bunda ham savol tug‘ilishi mumkin. Boshqa bir oyatda Alloh taolo sizlarning qilayotgan ehsonlaringiz donga o‘xshaydi, degan. «Mollarini Allohning yo‘lida sarflaydiganlarning misoli xuddi har boshoqda yuztadan doni bor, yetti boshoqni o‘stirib chiqaradigan bir dona donga o‘xshaydir. Va Alloh O‘zi xohlagan kishisiga yanada ko‘paytirib beradir. Va Alloh qamrovi kengdir, o‘ta biluvchidir», - deyiladi Baqara surasi 261 oyatda.

Foto: Kun.uz

Biznes tilida aytilsa, bu juda katta foyda. Alloh taolo oyatning davomida 700 barobar bilan chegaralanib qolmaslik uchun yanada ko‘paytirib berishini aytgan. Shuningdek, doimiy sadaqa qilib turuvchilar uchun fazl va barakaning doimiy bo‘lib turishini isbotlovchi hadislar ham ko‘p. Chunki, Payg‘ambarimiz alayhissalom «Allohga eng mahbub (yoqadigan) amallardan biri, kichik bo‘lsa ham davomiy bo‘ladiganidir», deganlar. Chet eldagi ko‘plab mashhur biznes kouchlar va tadbirkorlarning o‘zi ham aytadi: «Sizlar sadaqa (charity) qilsangiz, albatta sizga qaytadi. Lekin, qanday qilib – men buning formulasini bilmayman. Menda doim ishlaydi», - deyishadi.

Bilamizki, fir’avn davrida unga yaqin bo‘lgan Qorun degan juda ham boy inson bo‘lgan. U ko‘chada yurgan vaqtida hamma boyliklarini ko‘z-ko‘z qiluvchi hamda juda g‘ururga ketgan inson bo‘lgan. Unga berilgan tavsiyani Alloh taolo musulmonlar amal qilishi va o‘rganishi uchun Qur’onda eslab o‘tadi. Ushbu tavsiyalarda shunday deyiladi:

1. Alloh senga bergan narsa bilan oxiratni izla – tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, sizda moliyaviy imkoniyatlar ko‘paymoqdami, odamlarga yordam bering. Oxiratga zaxira uchun xayrli ishlar qilib qoling.

2. Bu dunyodagi nasibangni ham unutma – ya’ni kimdir yaxshi pul topsa, u yaxshi uy va mashina olishi, halol yo‘lda yaxshi yashashi mumkin. Islom bu narsalarga taqiq qo‘ymaydi.

3. Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen ham yaxshilik qil – Sendagi hamma narsani Alloh bergan. Sen ham boshqalarga xayr-sadaqa qilgin.

4. Yer yuzida buzg‘unchilikni istama – boyligi bilan yomonlikni tarqatuvchilarga yordam bermaslik. 

— «Oluvchi qo‘ldan ko‘ra, beruvchi qo‘l afzalroq», degan ma’nodagi hadis bor. Nima uchun Islom dinida boshqalardan pul so‘rashdan ko‘ra, boshqalarga berishga targ‘ib qilingan?

— Bu hadisdan bir qancha ma’nolar olish mumkin, deb o‘ylayman. Birinchisi, insonga kimgadir yordam berishi uchun avval o‘zida nimadir bo‘lishi kerak. O‘zida bo‘lishi uchun esa, chiqib mehnat qilib pul yoki o‘sha narsani topishi kerak. Hadisda o‘zi tadbirkorlik qilib yoki biror boshqa kasb qilib, ishlab pul topadigan odam, hech qayerda ishlamay, tilanchilik qilib o‘tiradigan kishidan yaxshiroq, deyilyapti. Ikkinchi tarafdan, bu hadisda ishlamasdan, faqat boshqalardan so‘rashga o‘rganib qolgan insonlar chiqib mehnat qilishga, Allohning nazdida yoqimli bo‘lishga targ‘ib qilinyapti.

To‘liq suhbat bilan videoda tanishish mumkin. Suhbat davomida, shuningdek, biznesda qarz olish, ehson qilishga doir masalalar hamda rizq va harakatning bog‘liqligiga doir mulohazalar berilgan.

Islom moliyasi bo‘yicha mutaxassis hamda tadbirkor Kozimxon To‘rayyevni Instagram va Telegram'dagi shaxsiy sahifalari orqali ham kuzatib borishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Nido.

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.

Яндекс.Метрика