Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:

Grantga kirib, kontraktda o‘qiyotgan ikki talaba. Davlat qabul komissiyasi qonunni mensimayapti

Quvalik ikki talaba – Asadbek Hotamov va Muzaffar Toirov Andijon davlat tibbiyot institutining 2-kursini ham kontrakt asosida tamomlayapti, vaholanki ular kirish imtihonida grant asosida o‘qish uchun yetarli ball yig‘gan.

Bunga birlamchi sabab – imtihonga hujjat qabuli vaqtida xodim-operator yo‘l qo‘ygan xato. Boshqa bir sabab esa, mas'ullarning mas'uliyatsizligi.

Talabalarning ota-onalari turli vazirliklar va mutasaddi tashkilotlarga ko‘p bora arz qilib, natijaga erisha olmagach, Toshloq tuman va Farg‘ona viloyati ma'muriy sudlariga murojaat qilishgan.

Har ikki sud O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga Asadbek Hotamov va Muzaffar Toirovni Farg‘ona viloyati uchun ajratilgan davlat granti asosida talabalikka qabul qilish majburiyatini yuklagan. Biroq komissiya sud qarorini ijro etmayapti.

Ma'lumot uchun, Davlat qabul komissiyasining ishchi organi – Vazirlar Mahkamasining Ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma'naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyati hisoblanadi.

Muzaffar Toirov va Asadbek Hotamov

Muzaffarbek Toirovning onasi Azizaxon Qodirova o‘g‘lining test imtihonlarida 168,4 ball yig‘gan bo‘lsa ham, shartnoma asosida o‘qiyotgani bo‘yicha Oliy ta'lim vazirligi, Davlat test markazi va boshqa mutasaddi tashkilotlar eshigini ko‘p bora qoqqani haqida uzoq so‘zladi.

«O‘g‘lim 2019 yil 12 iyunda Andijon davlat tibbiyot institutida davolash yo‘nalishi bo‘yicha o‘qimoqchi bo‘lib, Farg‘ona davlat politexnika institutida tashkil etilgan qabul komissiyasiga borib, o‘z hujjatlarini topshirgan. Hujjat topshirish jarayonida operatorning aybi bilan farzandim Farg‘ona viloyati uchun ajratilgan davlat grantida maqsadli tanlovda ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘lgan. Ya'ni operatorning aybi bilan umumiy tanlovda qayd etilgan. Oqibatda Farg‘ona viloyati uchun ajratilgan davlat grantida budjet asosida o‘qishga balli yetgan bo‘lsa ham kontrakt asosida o‘qiyapti.

Muzaffarbek Toirovning onasi Azizaxon Qodirova

Shundan keyin biz zudlik bilan Oliy ta'lim vazirligiga, Davlat test markaziga, kerakli hamma vazirliklarga murojaat qildik. Lekin ulardan qoniqarli javob olmaganimizdan keyin 25 oktyabrda sudga murojaat qildik. Sud bizga, Toshloq tumani sudi tomonidan 2020 yil 15 mayda farzandlarimizni davlat grantida o‘qishga yetarli ball to‘plaganini hisobga olib, Farg‘ona viloyati uchun ajratilgan davlat grantiga o‘tkazishni ko‘rib chiqishdi va O‘zbekiston ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish davlat komissiyasi zimmasiga yukladi.

Biz og‘zaki va yozma murojaatlarimizga ulardan hech qanday javob ololmadik. Shundan so‘ng Farg‘ona viloyati ma'muriy sudining apellyatsiya sudiga murojaat qildik. Apellyatsiya sudi ham 2021 yil 24 fevralda arizamizni ko‘rib chiqib, to‘liq qanoatlantirdi. Mana shundan beri 5 oy muddat o‘tyapti, lekin O‘zbekiston ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish davlat komissiyasi tomonidan asossiz ravishda sud qarorining ijrosi ta'minlanmayapti.

2021 yil 22 aprelda Toshloq tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning qabulida bo‘lib, ariza va sud qaroridan ko‘chirmani topshirdim. Svetlana Ortiqova «bu muammoni respublika miqyosida hal qilamiz», deya arizamni o‘zida olib qoldi.

Undan keyin prezident maslahatchisi o‘rinbosari Baxtiyor Islomovning qabuliga kirdim. B. Islomov Farg‘ona viloyati ma'muriy sudining raisi Dilmurodxo‘ja Mahamatovni chaqirib, sud qarori yuzasidan nazorat qilishini, yana bu muammolarni hal qilishga yordam berishini topshiriq qilib ketdi. Shundan keyin 26 aprelda Farg‘ona viloyati ma'muriy sudining Davlat qabul komissiyasiga eslatma xati jo‘natildi. Shundan so‘ng, mana, hech qanaqa natija yo‘q.

Ikki yildan beri farzandlarimiz davlat grantida asosli ravishda o‘qishga huquqlari bo‘lishiga qaramasdan, kontrakt to‘lab o‘qityapmiz. Davlat komissiyasidan hech qanaqa noqonuniy narsani so‘rayotganimiz yo‘q-ku axir.

Murojaatlar bo‘limi xodimlari Shohrux Daliyev hamda Xurshid Musayevlar bilan telefonda gaplashdim. Ular: «Biz tuman va viloyat sudlarining hech qanday qarorini ijro qilmaymiz. Ular bizni zimmamizga hech qanday majburiyat yuklay olmaydi. Faqat Oliy sudning qarorini bajaramiz», deyishdi. Biz endi qayerga murojaat qilishni bilmayapmiz. Axir sudning hukmi O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqqan-ku!

Men o‘zim maktabda hamshira bo‘lib ishlayman. Turmush o‘rtog‘im ikkinchi guruh nogironi. Mana, ikki yildan beri 8,5 mln so‘mdan farzandlarimizga kontrakt to‘lab o‘qityapmiz. Boshqa viloyatda o‘qiydi, ularning kvartirasi bor, kelib-ketishi va oziq-ovqati bor.

2 yildan beri to‘layotgan 8,5 mln so‘mdan kontrakt to‘lov pullarimizni qaytarib berishlarini so‘raymiz. Axir biz o‘zimizning qonuniy haq-huquqimizni so‘rayapmiz.

4 nafar farzandni voyaga yetkazganman. 3 farzandim oliy ma'lumotli. Bu to‘rtinchi farzandim. U 2018, 2019, 2020 yillarda kimyo yo‘nalishi bo‘yicha viloyatning mutlaq g‘olibi hisoblanadi. Farzandimning bilimiga ishonaman. Bizning ishonchimizni oqlaydi», – deydi ona.

Asadbek Hotamovning onasi Irodaxon Usmonova ham o‘zlarini qiynayotgan muammo haqida aynan shunday fikrlarni bildirdi.

Asadbek Hotamovning onasi Irodaxon Usmonova

Talabalar Muzaffarbek Toirov va Asadbek Hotamovlar yuqori ball to‘plab, kontraktga o‘qishayotganidan norozi ekanliklarini bildirishdi.

«To‘g‘risi, bunday holat bizga qattiq alam qilyapti. Ya'ni biz o‘z bilimimizga ishonib, shunday yuqori natija olib, institutga yaxshi niyatlar bilan kirsag-u, lekin ayrim kamchiliklar deb biz kontrakt asosida o‘qishga tushib qolganimiz va ko‘p xarajat qilib, oilamizga og‘irligimiz tushayotganidan norozimiz», – deydi Asadbek Hotamov.

Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘lib, mutasaddilar bilan suhbatlashdik.

«Ayni paytda Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan ushbu ikki nafar talabamizda yuzaga kelgan muammo shundan iboratki, bular 2019-2020 yilgi o‘quv yilida Andijon davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirish maqsadida Farg‘ona viloyatidagi Farg‘ona politexnika institutida ro‘yxatdan o‘tishgan.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida Davlat test markazining bazasiga kiritilayotgan ma'lumotlarda maqsadli kvota belgilanmay qolgan. Shu sababli bu ikki nafar abituriyent yuqori ball to‘plashiga qaramasdan, ya'ni 168,4 hamda 167,7 ball to‘plashlariga qaramasdan, davlat granti asosida qabul qilinmagan.

Muammo o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining tegishli qarori va ko‘rsatmalariga asosan hal qilinadi. Bizning tibbiyot institutimizga ana shunday ko‘rsatma kelsa, ikki nafar talabaning o‘qishini grant asosida o‘zgartirishimiz mumkin bo‘ladi. Lekin bevosita Andijon davlat tibbiyot instituti ma'muriyati, ya'ni rektor tomonidan ushbu holatni grant asosida o‘qishga qabul qilish bo‘yicha vakolati yo‘q. Shu bois davlat komissiyasining tegishli qaror va ko‘rsatmalarini kutib turibmiz», – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti mas'ul xodimi Sarvarbek Salohiddinov.

U har ikki talabaning muammoli holati ijobiy hal bo‘lsa, ularning ikki yillik shartnoma pullari qaytarib beriladimi, degan savolga javoban, institut tarixida bunday holat kuzatilmagani, shu sababli bu masala ham davlat komissiyasining qaror va ko‘rsatmalariga asosan hal bo‘lishini bildirdi.

Bugun siz guvohi bo‘lgan ushbu hodisa konstitutsiya va qonunlar ustuvor bo‘lgan O‘zbekistonda yuz bermoqda. Sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart, degan qoida Vazirlar Mahkamasiga borib taqalganda ishlamay qolyapti.

Ham qonun, ham sud qarorlariga asosan grantga haqdor talabalar ayrim amaldorlarning befarqligi, ta'bir joiz bo‘lsa vijdonsizligi oqibatida o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqara olmayapti.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri

Яндекс.Метрика Statok.net