Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:

Shavkatjon Abdurazzoqov Namangan shahrining ishdan olingan hokimi haqida fikr bildirdi

23 fevral kuni xalq deputatlari Namangan shahar kengashi sessiyasida tashkiliy masala ko‘rilib, unda shaharning yangi hokimi tasdiqlandi.

Sessiyada so‘z olgan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov shahar hokimi lavozimidan bo‘shatilgan Olimjon Isayev haqida fikr bildirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Namangan shahar hokimi sifatida ishlab kelayotgan Isayev Olim Botirovich egallab turgan lavozimidan ozod etish bo‘yicha ariza bilan murojaat etgan.

Sobiq hokim, sobiq rahbariyat haqida qisqacha aytib o‘tmoqchiman. Tadbirkor, investitsiya kiritadi deb, o‘tgan yili yaxshi niyatlar bilan qo‘yilgan. Harakat qildi... Men kelganimdan keyin yordam berdik, shaharga o‘zim katta-katta mablag‘lar ajratib, shahardagi o‘zim bilgan muammolarni birgalikda hal qilaylik deb, o‘zim yetalab yurib, ko‘rsatib, o‘rgatib, ishlatishga harakat qildim.

Lekin baribir odamning qobiliyati, qunti, qolaversa xohishiga ham ko‘p narsa bog‘liq. To‘g‘ri, pandemiya paytida ishlash imkoniyati bo‘lmadi deb ozgina yurildi, lekin men pandemiya vaqtida Ekologiya qo‘mitasi raisi sifatida hamma viloyatlarni aylanib chiqdim», – dedi Shavkatjon Abdurazzoqov.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov

Viloyat rahbari Namangan shahrining yangi hokimi lavozimiga nomzodi tavsiya etilgan G‘ofir Jamolov haqida ham to‘xtaldi.

«Ko‘p nomzodlar orasidan Jamolov G‘ofir Orifjonovich tanlab olindi. Qisqacha aytadigan bo‘lsam, bugungi kunda u kishi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Namaganda eskidan ishlab kelayotgan ko‘pchilik Jamolovni taniydi. Faoliyatini Namangan shahri hokimligida boshlagan. Eng avvalo, birinchi kriteriy shu bo‘ldiki, Namangan shahrida bu yil issiqlik tizimida juda katta tadbirlar bo‘ladi. Uni tushunadigan odam kerak. [G‘ofir Jamolov] bevosita shu sohaning rahbari sifatida ishlagan odam. Qolaversa, qurilish, umuman Iqtisodiyot vazirligida ishlaganida dasturlarni shakllantirish, maktab, bog‘cha, hammasini dasturlarga kiritish nuqtayi nazaridan tajriba orttirdi.

Shundan kelib chiqib, prezidentimiz Namangan shahriga Jamolov G‘ofir Orifjonovich nomzodini tavsiya qildilar», – dedi viloyat hokimi.

G‘ofir Jamolov

Sessiyada ko‘rsatilgan nomzod hokim lavozimiga tasdiqlandi.

G‘ofir Jamolov 1974 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1997 yilda Namangan sanoat-texnologiya institutini, 2006 yilda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

1997-2009 yillarda Namangan shahar va Namangan viloyati hokimliklarida turli mas'ul lavozimlarda mehnat qilgan. 2009-2020 yillarda Iqtisodiyot vazirligi Demografiya va mehnat bozori bo‘limi bosh mutaxassisi, bo‘limi boshlig‘i; Uy-joy, kommunal xizmat vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

2020 yildan shu kunga qadar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari – uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

  • Eslatib o‘tamiz, Namangan shahri sobiq hokimi Olim Isayev o‘tgan hafta prezident tashrifi vaqtida jiddiy tanbeh eshitgandi. U bilan birga dakki eshitgan shahar prokurori Bahromjon Yo‘ldoshev ham ishdan olindi. Uning o‘rniga Chust tumani prokurori Xurshid Odilov tayinlandi.
Яндекс.Метрика Statok.net