Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:

Turkiyada 40dan ortiq o‘zbekistonlik charter reysdan qolib ketdi – aybdor kim?

Bugun Kun.uz tahririyatiga bo‘ladigan murojaatlar orasida antiqasiga duch keldik. Turkiyaning Istanbul shahridan yo‘llangan bu murojaatda bir necha o‘n nafar o‘zbekistonlik fuqaro charter reysga chipta xarid qilgani holda reysdan qolib ketgani ma'lum qilingan edi.

Charter reysga navbati kelgani haqida qo‘ng‘iroq qilib xabar berilgan, falon joydan chipta olishi kerakligi aytilgan, borib 500 dollar atrofida pulini to‘lab, chipta olgan, aeroportda ro‘yxatdan o‘tgan, chegara postida Turkiyadan ketgani qayd qilinib, muhr bosilgan, ayrimlarining chiptasidagi talon qismi ham yirtib olingani holda reysdan qolib ketishgan.

Shunday bo‘lishi mumkinmi, degan taajjubda murojaatni imkon qadar o‘rganishga qaror qildik.

Dastavval, murojaat mazmuni haqida.

Bizga taqdim etilgan audioyozuvlar, suratlar va videolavhalarda ko‘rinishicha, 30 iyul kuni «Istanbul–Toshkent–Istanbul» yo‘nalishi bo‘yicha «Turkish Airlines» aviakompaniyasi tomonidan charter reys amalga oshirilgan. Tushuntirishlaricha, jami 31 o‘zbekistonlik yo‘lovchi qo‘lida chiptasi bilan samolyotdan qolib ketgan.

Ma'lum bo‘lishicha, reys qatnovlar jadvali bo‘yicha soat 15:30ga belgilangan va o‘z vaqtida parvozni amalga oshirgan.

Biroq, ular orasida yuklari Toshkentda o‘z egalarini kutayotgan yo‘lovchilar ham bor. Ayrimlarining chiptasi va pasportlariga chegara nazorati muhri ham bosilgan. Ba'zilarining chiptasi yirtilib, qo‘liga taloni tutqazilgan holda parvozdan qolib ketganini qanday tushunish mumkin?

Kun.uz muxbiri bog‘langan o‘zbekistonliklar charter reysdan qolib ketganlar orasida yuklari O‘zbekistonga ketganlari borligini ma'lum qilishdi. Ular qo‘llarida pasport bilan qolishgan, xolos. Vaholanki, ular orasida konsullik qo‘ng‘irog‘idan keyin 516 dollarga chipta olib, o‘z vaqtida aeroportga borganlar ham bor.

 

Turli yo‘lovchilar tomonidan taqdim etilgan audioyozuvlarda ta'kidlanishicha, ular «jazo to‘lovi»ni (Turkiya migratsiya qonunchiligini buzgani uchun to‘lanadigan jarima) amalga oshirish uchun navbat kutib turgan vaqtlarida aviakompaniya vakili kelib, samolyot uchib ketganini ma'lum qilgan. Ularga ko‘ra, konsullik ro‘yxatiga kirmagan yo‘lovchilar ham kelib, 480 dollardan chipta xarid qilib, O‘zbekistonga ketishga muvaffaq bo‘lgan. (Tahririyatda shunday yo‘l bilan ketgan yo‘lovchilardan birining yaqini bildirgan xabarnoma mavjud). Qolaversa, murojaatchilar samolyotdagi o‘rindiqlardan ortiqcha chipta sotilganini ham iddao qilishmoqda.

Istanbul aeroportida ro‘y bergan holat bo‘yicha izoh olish uchun «Turkish Airlines»ning Toshkentdagi vakolatxonasi vakili bilan bog‘landik hamda bir necha savollar bilan murojaat qildik. Uning javoblari quyidagicha bo‘ldi.

·       Turkiyadagi o‘zbeklarni evakuatsiya qilish bo‘yicha charter reys ro‘yxatiga aviakompaniyaning umuman aloqasi yo‘q, ro‘yxat bo‘yicha yo‘lovchilarga qo‘ng‘iroq qilish va aeroportga kelishi, chipta xarid qilishlarini nazorati O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligi vakolatiga kiradi.

·       Murojaatchilar ta'kidlaganidek, charter reysga chiptalar faqat konsullik taqdim etgan ro‘yxat bo‘yicha sotiladi, ro‘yxatga kiritilmagan fuqarolarga chipta sotilmaydi. Aviakompaniya vakilining aytishicha, konsullik vakili ro‘yxatga kiritilganlar yetib kelmagan taqdirda, boshqa fuqarolarga chipta sotishga ruxsat berishi mumkin.

·       Evakuatsiya maqsadida tashkil etilgan charter reyslar belgilangan vaqtida amalga oshiriladi, ularni kechiktirish imkoni yo‘q. Maxsus buyurtmali charter reyslargina buyurtmachi istagan vaqtdagina parvoz qilishi mumkin, xolos.

·       Chiptalarning ro‘yxatga olinishi, pasportlarga muhr bosilgani, hatto chiptaning samolyotga chiqish taloni yirtib olingani holda qolib ketgan yo‘lovchilar holati esa alohida o‘rganilishi kerak.

Shu bilan birga, 16 iyulda qolib ketgan 11 yo‘lovchining barchasi bir necha kundan so‘ng, xavfsizlik xodimlari tomonidan shifoxonaga, keyin chet elliklar saqlanadigan punktga olib borilgan. Ularning ichidagi ayollar O‘zbekistonga yuborilgani, biroq 6 nafar o‘zbekistonlik erkak Istanbuldan ming kilometr uzoqda hamon saqlab turilgani aytilmoqda.

Murojaatchilarning alohida uqtirishlaricha, ushbu charter reyslarni nazorat qilish mas'uliyati O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligi zimmasida bo‘lsa-da, 16 va 30 iyul kungi charter reyslarda konsullikning biror xodimi bo‘lmagan.

Kun.uz muxbiri ayni holatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligining Telegram sahifasiga murojaat qildi. Biroq hozircha javob bo‘lganicha yo‘q.

Shu bilan birga, bugungi kunda «Turk havo yo‘llari» tomonidan tashkil etiladigan navbatdagi «Istanbul–Toshkent–Istanbul» reysi 13 avgustda amalga oshirilishi inobatga olinsa, aeroportda qolib ketgan o‘zbekistonliklarga bu muddat davomida kim tomonidan, qanday yordam ko‘rsatiladi, degan savol hamon ochiq qolmoqda.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri

Яндекс.Метрика Statok.net