Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:

Minsk va Moskva o‘rtasida ziddiyat kuchaymoqda. Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Belarusda 9 avgust kuni hisob bo‘yicha oltinchi marta prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi - Minskdagilar esa har safargi saylovlarda «Moskvaning qo‘lini» izlaydi. Ammo avvallari bu «qo‘l»ni Kreml Aleksandr Lukashenkoning abadiy prezidentligini qo‘llab-quvvatlamoqchiligini iddao qilgan muxolifatchilar izlashgan bo‘lsa, bu safar vaziyat tubdan o‘zgargan.

«Moskvaning qo‘li» - kundan kunga dahshatli tus olmoqda - G‘arbni ham, oltinchi marta prezidentlikka saylanmoqchi bo‘layotgan Aleksandr Lukashenkoning elektoratini ham qo‘rqitmoqda.

«Belgazprombank»ni «fosh etishdi». Gaz uchun qarz esa o‘sishda davom etmoqda
Rasmiy Minsk saylovoldi kampaniyasi avvalida Moskva belaruslarning barqarorligiga chang solayotgani va «Gazprom»ning «qo‘g‘irchoqlari» qo‘lga olinganini ma'lum qilgandi. Bu bayonot «Belgazprombank» Viktor Babariko Belarus prezidentligi uchun saylovga nomzodini qo‘yishga qaror qilganidan keyin berildi.

Babariko 18 iyun kuni Belarus Davlat xavfsizligi qo‘mitasi (KGB) izolyatoriga joylashtirildi; u soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, poraxo‘rlik (yirik miqdorda pora berish) va pul yuvishda ayblandi. Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar esa Viktor Babariko va u bilan birga qo‘lga olinganlar, jumladan, uning o‘g‘li Eduard Babariko hamda Babarikoning marhum rafiqasining dugonasi Svetlana Kupreyevani siyosiy mahbuslar deb atashmoqda. U bilan ishlaydigan 20 nafarga yaqin bank menejyerlari va kompaniyalar xodimlari qo‘lga olingan.

«Belgazprombank» aksiyalarining 99 foizi Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi qoshida ochilgan «Gazprombank»ga tegishli hisoblanadi, ushbu bank ham soliq firibgarliklari va boshqa iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan.

Belarusning Rossiya tomonidan yetkazib berilgan gaz uchun qarzi bank atrofidagi mojarolar boshlangan may oyi oxiridan buyon 165,6 mln dollardan 273 mln dollargacha (iyun oyi oxiridagi holat) yetdi. Rossiya bir yildan oshiq vaqtdan beri qarzini so‘ramayapti va shu bilan birgalikda hech qanday yordam ham va'da qilayotgani yo‘q.

«Hozirda Belarus iqtisodiyotida sodir bo‘layotgan barcha yomon ishlarga albatta Kreml aybdor. Kreml arzon gaz yo‘qligiga, neft manyovrlari uchun kompensatsiyaga, eksport hajmi tushishiga, budjet taqchilligiga, iqtisodiyot turg‘unligi va ish haqi oshirilishi bo‘yicha va'dalar bajarilmagani uchun aybdor», deya istehzo qilgan Mizesa tadqiqot markazi rahbari Yaroslav Romanchuk.

Belarusning davlat qarzi, moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, yarim yil ichida 17,5 foizga o‘sgan va 52,6 mlrd belarus rubliga yetgan. Budjet taqchilligi keskin o‘sdi - 2020 yilning yanvar-iyun oylarida xarajatlar daromadlardan 1,8 mlrd rubl ko‘proq bo‘ldi. Belarus budjeti olti yil ichida ilk marta defitsitda shakllantirildi, ammo bir yilda bu kamomadni 1 mlrd rubldan kam miqdorda ushlab turish rejalashtirilgan.

Minskdagi tahlilchilarning fikricha, iqtisodiy muammolardan tashvishga tusha boshlagan elektoratning xavotirlarini aritish uchun Lukashenkoda pul yo‘q.

«Saylovda tantanali g‘alabaga erishish uchun hozir Lukashenko tashqi kuchlarni balogardon qilishiga to‘g‘ri kelmoqda», - deydi Romanchuk.

Kreml nima uchun dushmanga aylandi?
2018 yil oxirida Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko jiddiy janjallashib qolgandi, deya ishonch bilan gapirmoqda Belarus Security Blog rahbari Andrey Porotnikov.

Porotnikovning taxmin qilishicha, Peterburgdagi sammitda Rossiya prezidentining sabr kosasi to‘lgan, o‘shanda Lukashenko va Putin Belarusga yetkazib berilayotgan gaz bahosi bo‘yicha ochiqchasiga bahslashishgan va Putin matbuot vakillaridan zalni tark etishni so‘ragandi. OAV ishtirokisiz muzokaralardan keyin Lukashenko zaldan chiqqan va qarshisidan chiqqan jurnalistlarning ilk guruhiga barcha masala hal qilingani, Putindan uzr so‘raganini aytgandi. Keyinroq u o‘zi emas, Armaniston prezidenti Pashinyan uzr so‘ragani haqida gapirdi; Minskka borganidan keyin esa u hamma bir-biridan uzr so‘ragani haqida gapira boshladi.

«Possovet davlatlaridagi siyosat o‘ziga xos. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar - xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar degani emas, balki bu davlatlarning hukumatlari rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlardir. 2018 yil oxirida Lukashenko va Putin o‘rtasida shaxsiy ziddiyat paydo bo‘lgandi. Bungacha munosabatlar ishchan ruhda edi va Lukashenko ko‘p marta Putinni Belarus uchun foydali qarorlar qabul qilishga ko‘ndira olgandi. Birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy hamkorlik, siyosiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash sohalarida muammolar. 2018 yil oxiridan boshlab bunday qo‘llab-quvvatlov to‘xtadi», deydi Andrey Porotnikov.

EPA

Kuzatuvchilarning fikricha, Belarus va Rossiya ittifoqi oliy kengashining har yili o‘tkazib kelingan yillik yig‘ilishi 2018 yildan keyin o‘tkazilmay qolgani ham vaziyat qanchalik jiddiyligini ifodalaydi.

«Lukashenko 2019 yil davomida va joriy yilning birinchi yarmida Putin bilan munosabatlarini tiklashga harakat qildi. Ammo, aftidan buning iloji bo‘lmagan. Endi Belarus rahbariyati Rossiya bilan munosabatlarning haqiqiy holatini anglamoqda. Hozir biz bir tomondan bu reallik tufayli Lukashenkoning g‘azab otiga minishini, boshqa tomondan belarusliklarning hamda G‘arbdagi jamoatchilikning fikrini manipulyatsiya qilishga urinishini ko‘rmoqdamiz», - deydi Porotnikov.

Lukashenko hozir Rossiya tahdidi haqida gapirmoqda va bu orqali belaruslik saylovchilarni o‘z atrofida to‘plashga harakat qilmoqda, u saylovchilarga shunday yolg‘on tanlov taklif etmoqda: yoki Lukashenko, yoki Rossiya agressiyasi. Belaruslar uchun esa mustaqillik - millatni birlashtiruvchi qadriyatlardan biridir, deya ta'kidlaydi ekspert.

Shuningdek, bu orqali G‘arbga mamlakatdagi siyosiy qatag‘onlarni oqlashga harakat qilinmoqda.

«Belarus jamoatchiligining siyosiylashuv darajasi oshib bormoqda, aholi namoyishlarga chiqishdan qaytmaydi, rejim ham namoyishlarni bostirishga tayyorlanmoqda. Ammo hozirda, Rossiya bilan aloqalar sovuqlashgan sharoitda, rasmiy Minsk G‘arb bilan ham munosabatlarni yomonlashtira olmaydi. Shuning uchun Lukashenko siyosiy qatag‘onlar uchun asos topishi kerak - G‘arbning sanksiyalaridan qutulishi uchun. Bu G‘arbni qo‘rqitishga urinish hamdir: agar Belarusda Lukashenko bilan gaplashishni istamasangiz, uning o‘rniga bu yerda Putin bilan gaplashasiz. Tanlang, qaysisi siz uchun ma'qulroq», - deya qayd etadi Andrey Porotnikov.

Jangarilar «yordami»

28 iyuldan 29 iyulga o‘tar kechasi Minsk yaqinida 32 kishi qo‘lga olindi, ko‘p o‘tmay mamlakat janubida yana bir kishi ushlandi; ularning barchasi - Rossiya fuqarolari. Belarusdagi davlat nashrlari qo‘lga olinganlar  «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi a'zolari ekanini ma'lum qildi. OAVda «Saylovlar arafasida Belarusdagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun mamlakatga 200dan ortiq jangari kirib kelgani» haqida yozildi.

Belarus Xavfsizlik kengashi davlat kotibi Andrey Ravkov Markaziy saylov komissiyasidagi chiqishida prezidentlikka nomzodlar qarshisida bu jangarilar Rossiya hududida - Pskov va Nevelda qo‘poruvchilik va snayperlik faoliyatiga o‘qitilgani haqida gapirdi.

U qo‘lga olinganlar mamlakatda qator teraktlar uyushtirishga tayyorlanganini qo‘shimcha qildi. Davlat nazoratidagi nashrlarda ushbu guruh mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarish va jamoatchilik tartibini buzish maqsadida bo‘lgani haqida takror-takror yozilmoqda. Lukashenko Rossiyani «yovuz niyatlar» qilishda aybladi, ammo Rossiya matbuotini «olovga moy sepish»dan tiyilishga chaqirdi.

Belarus TIV qo‘lga olinganlar ro‘yxatini Ukrainaga ham yuborgan - ularning orasida Donbassdagi ayirmachilar safida jang qilganlar ham borligi aytilmoqda. Ukraina Belarusda qo‘lga olingan 33 kishidan 28 nafarini topshirishni talab qilmoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirdi, unda Belarusda rossiyaliklar asossiz ravishda qo‘lga olingani aytilib, ular tez orada ozod qilinishiga ishonch bildirildi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Minskda qo‘lga olinganlar «katta ehtimol bilan» Minsk orqali Istanbulga uchmoqchi bo‘lgani va ular qonunga zid ish qilishmagani haqida aytdi.

«Agar ular shunday vazifani [Belarus hukumati versiyasiga ko‘ra Minskda diversiya va teraktlar amalga oshirish] bajarish uchun borishganida, ularning barchasi harbiy forma kiygan holda bir sanatoriyada to‘plangan bo‘lisharmidi - bu saylovlar arafasidagi masxarabozlik va sirk», - deya qayd etgan u.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) iste'fodagi general-mayori Aleksandr Mixaylov BBC bilan suhbatda Belarus hukumatining versiyasini «yovvoyilik» deb atadi.

«Xuddi shu tarzda Rossiyaning istalgan fuqarolari yoki Belarus bilan ziddiyatda bo‘lib turgan boshqa davlatlar fuqarolari hibs qilinishi va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Odamlarni nima uchun qo‘lga olishgan? Ular qandaydir xususiy harbiy kompaniya xodimlari bo‘lsa ham. Ular hech qanday jinoyat qilishmagan, ularda qurollar va boshqa maxsus vositalar bo‘lmagan. Ularga nisbatan surilayotgan ayblovlarni tasdiqlovchi dalillar yo‘q. Bularning barchasi quruq gap.

Belarus siyosiy rahbariyatining xolisligiga shubha qilaman, ular Rossiya bilan ziddiyatdan saylovlarda foydalanishmoqchi», degan Mixaylov.

Buyog‘iga nima bo‘ladi? Moskvadan qarash
Moskvadagi ekspertlar Rossiya Belarus bilan integratsiyani kuchaytirishga urinishi ikki tomonlama munosabatlarni yomonlashtirganini tan olishadi. «Yollanma-jangarilar» voqeasi esa olovga moy sepgan.

Davlat dumasining MDH masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Konstantin Zatulin BBC bilan suhbatda Belarus hukumatining yollanma jangchilar Minskdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinmoqchi bo‘lgani haqidagi versiyasini «oq ip bilan naqsh solingan» deb atadi.

GETTY IMAGES

«Lukashenko o‘z joyida ko‘p vaqt o‘tirdi va endi xalq namoyishlariga duch kelib, birin-ketin ahmoqona ishlar qilmoqda. Rossiya ehtiroslarni tinchlantirishga harakat qilmoqda, ammo TIV bayonotidan anglash mumkinki, ularga endi Lukashenko Rossiya Federatsiyasidan foydalanayotgani yoqmay bormoqda», deydi u. Zatulinning fikricha, yollanma jangchilar haqidagi tarixi belaruslar prezidentiga agar g‘alaba qozonishga ko‘zi yetmasa, saylovlarni bekor qilish imkonini ham taqdim etadi.

«Lukashenko ikki olov o‘rtasida qoldi - bir tomonda Rossiya, ikkinchi tomonda o‘rta sinf, barchasi joniga tekkan yoshlar qatlami. Bu esa unga manevrlar qilishni qiyinlashtirmoqda, shuning uchun o‘yin yanada keskinlashdi.

Agar Rossiya Lukashenkoni ag‘darib tashlamoqchi bo‘lsa, keyingi istalgan prezident o‘zini Rossiyadan uzoqroq tutadi. Men Belarusning keyingi prezidenti kim bo‘lsa ham, masalan, Rossiya bilan umumiy valuta bo‘lishiga ko‘nishini tasavvur qila olmayman. Agar u bunga rozi bo‘lsa, Minskda o‘n minglab odamlar oyoqqa turadi, xuddi kecha Tixanovskaya uchun ko‘chalarga chiqishgani kabi», - deb hisoblaydidi siyosatshunos Aleksey Makarkin.

31 iyul kuni Tixanovskayani qo‘llab-quvvatlab Minskda 60 ming kishi miting uyushtirdi / Foto: EPA/Vostock-photo

«Rossiya v globalnoy politike» jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Fedor Lukyanov ham Lukashenko ko‘p yillik hukmronligi davrida ilk marta saylovda g‘alabasiga amin bo‘lmagan vaziyat yuzaga kelganini qayd etgan. U Belarus prezidenti mamlakat mustaqillikni yo‘qotish xavfi ostida qolganini ta'kidlab, o‘zidan boshqa hech kim mustaqillikni himoya qila olmasligini aytayotganiga e'tibor qaratgan.

«Agar Lukashenko prezidentlikni saqlab qoladigan bo‘lsa, u Ittifoq davlati bo‘yicha muzokaralarga qaytishiga to‘g‘ri keladi, hozir esa bu muammoli bo‘lib ko‘rinadi, chunki davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘q», - degan ekspert.

Buyog‘iga nima bo‘ladi? Minskdan qarash
«Men hozir vaziyatni keskin demagan bo‘lardim - Belarus va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat darajasi Yevropa Ittifoqidagi davlatlarning o‘zaro ziddiyatlari darajasidan kamroqligiga ishonchim komil. Men yana shunga aminmanki, Rossiya bilan ittifoq mamlakatimiz suverenitetini mustahkamlaydi, harbiy xavfsizlikni ta'minlaydi. Bu Belarus uchun ham, Rossiya uchun ham yaxshi», - deydi Belarus Liberal-demokratik partiyasi yetakchisi, prezidentlikka nomzod bo‘lmish Aleksandr Lukashenkoning ishonchli vakili Oleg Gaydukevich.

Gaydukevich ikki davlat munosabatlaridagi «uchqun olish» holati vaqtincha ekaniga ishonch bildirgan.

«Ishonamanki, Belarus va Rossiya hozirda ehtirosga berilmasdan, xotirjamlik bilan masalalarni birgalikda hal etishi kerak, tushunish lozim - o‘rtaga o‘zaro munosabatlar taqdiri tikilgan. Men keskin bayonotlar tarafdori emasman. Chunki Belarus va Rossiya ittifoqiga muqobil variant yo‘q. Ha, teng huquqli ittifoq bo‘lishi kerak, ha, Belarus - suveren davlat. Ammo biz bahsli masalalarni yecha olamiz», - degan u.

Tahlilchi Yaroslav Romanchukning fikricha, Lukashenko Rossiya elitasidagi bo‘linishlardan foydalanishga harakat qiladi.

«Aytishganidek, Kremlda ko‘plab turli minoralar bor. Hatto Lukashenko  Putin bilan ziddiyatga borgan bo‘lsa ham - bu hali hammasi tamom degani emas. Minsk Rotenberg bilan faol ishlashi sir emas, Putinga yaqin bo‘lgan bu odam uchun maydon yaratib berilmoqda; Harbiy-sanoat kompleksidagi aloqalar yo‘q bo‘lib qolmaydi. Vagnerchilar bilan bog‘liq syujyet shuni ko‘rsatmoqdaki, Belarus maxsus amaliyotlarda o‘z o‘rniga ega. 20 yil davomida ishlabkelgan energetik sxemalar bor - bu sohaning benefitsiarlarining 70 foizi Kremlga va Rossiya budjetiga yaqin turadigan rossiyalik oligarxlar va tadbirkorlardir.

Lukashenkoning Putin bilan mojaroga shunchaki befarqlik bilan qarashiga ishonish soddalik bo‘lardi. Aslida u shunchaki «bo‘lib tashla va hukmronlik qil» taktikasidan foydalanadi, bunday vaziyatda nufuzli rossiyaliklar bilan ular uchun tushunarli tilda, pul tilida gaplashadi», - deya izohlaydi ekspert va Lukashenko sxemalari bo‘yicha tuzilgan biznesdan manfaatdor bo‘lgan yana bir qator rossiyaliklarning familiyasini sanaydi.

Mamlakatda saylovoldi kampaniyasi boshlanganidan buyon o‘nlab kishilar qo‘lga olingan GETTY IMAGES

Belarus Security Blog rahbari Andrey Porotnikovning fikricha, Kreml saylovlarga qadar hech qanday harakat qilmaydi va hozirda Minskdan kelayotgan hamlalarga javob qaytarmaydi.

«Mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat shundayki, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlik kaliti Rossiyada. Moskvadagilar buni juda yaxshi tushunishadi. Menimcha, kuzda ular Belarusdagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatni jiddiy tahlil qilishadi - bu murakkab inqirozli vaziyat bo‘ladi. Shundan keyin harakat boshlashadi. Savol: qanday? Tushunarliki, Belarus Rossiya uchun hammasidan muhim emas, ammo ular bu yerda o‘zlari uchun noqulaylik bo‘lishini ham istashmaydi.

Lukashenko ham siyosiy jihatdan, ham jismonan zaiflashib bormoqda, hokimiyatni qoldirish masalasi kun tartibiga chiqmoqda. Moskva esa bu masalada nazorat paketiga yoki oltin aksiyalarga ega bo‘lishni istashi tabiiy. Ideal holatda, ular hal qiluvchi ovoz egasi bo‘lishni xohlashadi, kamida esa o‘zlari istamagan nomzod kelishiga taqiq qo‘yish huquqini», deya ishonch bildirgan ekspert.

U yana shunday qo‘shimcha qiladi: «Bu saylovlar Lukashenko uchun nafaqat siyosiy jihatdan, balki jismonan ham juda og‘ir. U keksaydi. Buni hamma ko‘rib turibdi. Lukashenkoning jamoatchilik orasidagi reytingi kundan kunga pasaymoqda, bu ortga qaytarib bo‘lmaydigan jarayon. Uning rejimining tarixiy vaqti tugamoqda. U buni tushunadi, albatta u ahmoq emas. Moskva esa bir gapni aytmadi xolos: do‘stginam, ketish vaqti bo‘ldi».

Яндекс.Метрика Statok.net