Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:

MDH iqtisodiy kengashining yig‘ilishida 15ta qaror qabul qilindi

2020 yilning 30 iyun kuni O‘zbekiston raisligida videokonferensaloqa shaklida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Iqtisodiy kengashining navbatdagi, 86-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, tadbirda MDH ishtirokchi mamlakatlari hukumat rahbarlarining o‘rinbosarlari, iqtisodiy yo‘nalishdagi vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek MDH Ijroiya qo‘mitasi rahbariyati ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida MDH mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati va COVID-19 pandemiyasi salbiy oqibatlarini minimallashtirish bo‘yicha ehtimoliy kollektiv choralar haqida fikr almashdilar.

Moskva shahrida Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi hududida MDHga a'zo davlatlarning ko‘rgazma-savdo markazlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot eshitildi.

Tadbir yakunida iqtisodiyot, moliya, transport, sog‘liqni saqlash, veterinariya va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 15ta qaror qabul qilindi.

Xususan, Xalqaro tashishlarda transport xavfsizligini ta'minlash strategiyasi, saraton kasalligiga qarshi kurashish, intellektual mulk bozorini shakllantirish va rivojlantirish, hamda veterinariya sohasidagi hamkorlik konsepsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari loyihalari ma'qullandi.

Tomonlar Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Iqtisodiy kengashining navbatdagi, 87-yig‘ilishini 2020 yil sentyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladilar, deyiladi xabarda.

Яндекс.Метрика Statok.net