Kirish | A`zo bo`lish (Bepul)
Reklama:

«Jadidlar barcha mavzular uchun ochiq edi» – Tarixchi bilan milliy matbuot tarixi va qatag‘onlar haqida suhbat

O‘zbekistonda matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni aynan 27 iyun sanasida nishonlanishining o‘z mohiyati bor. Bundan 114 yil avval – 1906 yilda ma'rifatparvarlar vakili Ismoil Obidiy tomonidan Turkiston o‘lkasidagi ilk gazeta – «Taraqqiy»ga asos solindi. Gazetaning atigi 20 soni chiqib, rus hokimiyati tomonidan yopilgan bo‘lsa-da, xalqni ma'rifatli qilish, siyosiy erkinlikka intilish, ta'limni rivojlantirish harakati uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi.

Kun.uz milliy matbuotning shakllanishi va sho‘ro tuzumi tomonidan ta'qib etilishi, 72 kun yashagan Turkiston muxtoriyati, ziyolilar qatag‘oni haqida tarixchi Bahrom Irzayev bilan suhbatlashdi.

«Taraqqiy» – jadid va milliy matbuotning otaxoni

Jadid matbuoti otaxoni 1906 yilda Ismoil Obidiy tomonidan ta'sis etilgan «Taraqqiy» gazetasi hisoblanadi. Gazetaning juda mashhur bo‘lib ketgan birinchi sonida «Toshkent. 14 iyun» maqolasi chop etilgan bo‘lib, unda muharrir nashrning maqsadi va vazifasi haqida tushuntirish beradi. «Turkiston eli o‘z maqsadlariga erishishi uchun eng avvalo ichki nizolarga barham berishi kerak», deb yozadi Obidiy.

«Taraqqiy»da to‘g‘ridan to‘g‘ri siyosiy ruhdagi maqolalar berilgan emas. Chunki muharrir avvaldanoq siyosiy mavzularga aralashmayman, deb rasmiylarga so‘z bergan edi. Ammo gazetaning keyingi sonlarida siyosat bilan bog‘liq masalalar ham ko‘tariladi. Xususan, Fansurolloh Xudoyorxon muallifligidagi maqolada «ehtiyojmand oilalarning farzandlarini o‘qitish uchun xayriya jamiyatlari tuzilishi kerak», degan fikr o‘rtaga tashlanadi.

Bahrom Irzayev

Jadidlarning ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri Munavvarqori Abdurashidxonov «Bizning jaholat – jahli murakkab» sarlavhali maqolasida xalq orasidagi bid'at, xurofot odatlari tanazzulga xizmat qilayotganini ta'kidlaydi.

Ammo gazeta ko‘p yashamaydi – turli chaquv va bo‘htonlar oqibatida, 20ta soni chiqqach yopiladi, muharrir esa qamoqqa olinadi.

Shu yilning dekabr oyida Munavvarqori Abdurashidxonov «Xurshid», Abdulla Avloniy «Shuhrat», Ahmadjon Bektemirov «Osiyo» gazetalarini tashkil etib, yo‘lga qo‘yishadi. Ammo ularning barchasi 5-6ta soni chiqqach, faoliyati to‘xtatilgan. Gazetalar saqlanib qolmagan.

Jadid maktablari

Jadid gazetalarida ko‘tariladigan asosiy mavzu – maorif targ‘iboti edi. Turkistonda o‘sha paytgacha ham eski maktablar faoliyat ko‘rsatgan, yoshlarga ilm berilgan bo‘lsa-da, ta'lim darajasi o‘qituvchining saviyasi va bilim doirasi bilan cheklanib qolardi. Aniq dastur va nizom asosida ish ko‘rilmas, bitta sinfda endi harf taniyotgan bola ham, «Haftiyak»ni tugatgan bola ham o‘tirar, bilimlar takrorlanmasligi tufayli tez unutilardi. Shu bois, jadid maktablari yangi najot yo‘li deb qaralgan. Jadid matbuotidagi materiallarning 40-50 foizi ham shu maktablar targ‘ibotiga bag‘ishlangan.

Jadid matbuoti ochiq edi. Bir gazetada chiqqan maqolaga boshqa gazeta qarshi fikr bildirardi. Birov yangi shakldagi maktablarni yoqlab chiqsa, boshqa birov tomonidan asrlar davomida Navoiy, Beruniylarni yetishtirgan madrasa endi yaroqsiz bo‘ldimi, balki muammmo boshqa yoqdadir, singari qarshi fikrlar ham bildirilgan.

Rus-tuzem maktabiga qarshi ruhdagi maqolalar ham ko‘plab nashr etilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy «rus-tuzem maktablarida o‘qiganlar ziyoli tugul, hayoli ham bo‘la olmaydi», degan fikrni o‘z maqolalarida ilgari suradi.

Jadidchilikni raqobatchi deb bilgan rus imperiyasi

1909-1913 yillar oralig‘ida birorta jadid gazetasiga ruxsat berilmadi. Chunki rus imperiyasi jadidchilik harakatini o‘ziga raqobatchi deb bilib, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qila boshladi.

1913 yilga kelibgina jadidlar otasi – Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Samarqand» gazetasi ochildi, bu milliy matbuotda ikkinchi bosqichning boshlanishi edi. Birinchi o‘zbek advokati Ubaydulla Xo‘jayevning «Sadoi Turkiston», tog‘-kon muhandisi Obidjon Mahmudovning «Sadoi Farg‘ona» gazetalari matbuotni bir pog‘ona yuqoriga olib chiqdi.

72 kun yashagan Turkiston muxtoriyati

1917 yilgi fevral inqilobi (Rossiya imperiyasi tepasidagi Romanovlar sulolasining qulashi va Muvaqqat hukumat shakllanishi) jadidchilik harakatida ham yangi bosqichga sabab bo‘ldi. Siyosiy erkin bo‘lish – Turkiston muxtoriyatini tuzish masalasi ko‘tarila boshlandi. Chunki bu paytda rus imperiyasi jadid maktablarini yoptirar, jadidlar faoliyatiga to‘sqinlik qilardi. Ziyolilar siyosiy mustaqillikka erishmay turib, ma'rifat yo‘lidagi harakatlar zoye ketishini tushunishdi – jadidchilik ma'rifatparvarlikdan siyosiy ruhga o‘tdi.

1917 yilning noyabriga kelib, Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati e'lon qilindi. Abdurauf Fitrat bu kunni «milliy Laylat-ul Qadr» deb baholadi. Muxtoriyat 72 kun yashagan bo‘lsa ham xalqqa katta umid berdi, uni harakatga keltirdi.

Butun dunyoga erk va'da qilgan qizil imperiya hali murg‘ak Turkiston muxtoriyatini yo‘q qilishga astoydil harakat qiladi. Harbiy qurol topishning imkonini qila olmagan muxtoriyat oddiy xalqdan ming kishilik qo‘shin jamlab, qizillarga qarshi otlandi, ammo mag‘lubiyatga uchradi. Shunga qaramay, ziyolilar umrining oxirigacha mana shu 72 kunni sog‘inib yashadi.

Millat tilini rivojlantirishga harakat

Jadidlar matbuotining asosiy mavzularidan yana biri millat tili – turkiy til (hozirgi o‘zbek tili)ni rivojlantirish harakati edi. Ular dunyo hamjamiyatiga kirib borish uchun millatning tili sof bo‘lishi, unda o‘zlashtirma so‘zlar ko‘payib ketmasligi lozim, degan aqida bilan ish ko‘rishdi. Jadidlar o‘z maqolalarida ham o‘zlashtirma so‘zlardan deyarli foydalanishmagan.

Imlo qoidalari ishlab chiqildi, ziyolilarni birlashtirgan «Chig‘atoy gurungi» a'zolari lug‘atlar ishlab chiqishda ham faollik ko‘rsatishdi. Ammo bu lug‘atlarning aksariyati yo‘q qilib yuborilgan.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev

Яндекс.Метрика Statok.net