Virtual kartalar nima va ulardan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish mumkin?
Markaziy bankning FinLit loyihasi virtual kartalar o‘zi nimaligi va ularning an’anaviy bank kartalaridan farqi nimadaligi haqida ma’lumot berdi.
Foto: Novo
Virtual kartalar bu tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarining elektron kartalari bo‘lib, aynan internet orqali xaridlarni xavfsiz amalga oshirish maqsadida yaratilgan.
Virtual kartalarning an’anaviy kartalardan yagona farqi — ularni qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydi.
Virtual kartalar bank va to‘lov tashkilotlarining onlayn interfeyslari yordamida ochiladi (mobil ilovalari, Telegram-bot).
Virtual kartalarni ochish uchun siz identifikatsiyadan o‘tgan mijoz bo‘lishingiz (ya’ni, o‘z hisob raqamingizga ega bo‘lishingiz) va mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tishingiz zarur.
Bunday karta ochishga ariza qoldirganingizdan so‘ng qisqa muddat ichida sizga virtual karta ma’lumotlari (karta raqami va CVC-kod) ma’lum qilinadi va siz ulardan onlayn xaridlar amalga oshirishda foydalanishingiz mumkin bo‘ladi.
Bugungi kunda tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalarida virtual VISA kartalarini ochish imkoniyati mavjud.
Bu shuni anglatadiki, siz ma’lum bir xarid uchun virtual karta yaratishingiz mumkin va kimdir uning ma’lumotlariga ega bo‘lsa ham, sizning asosiy kartangizdagi mablag‘lardan foydalana olmaydi.
Virtual bank kartalaridan naqd pul yechib olish va terminallar orqali xaridlar uchun to‘lov qilish mumkin emas.
Foto: FinLit
Tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari tomonidan virtual kartalarni ochish hamda ulardan foydalanish shartlari mustaqil belgilanishi sababli, bir-biridan farq qilishi mumkin.
Shuningdek, har bir tijorat banki va to‘lov tashkilotlari tomonidan virtual bank kartalari bo‘yicha turli qo‘shimcha bepul va pulli xizmatlar taklif qilinishi mumkin. Shu sababli virtual karta ochishdan oldin batafsil o‘rganib chiqish tavsiya etiladi.
Virtual kartalarda kunlik/oylik xarajatlar uchun limit belgilangan bo‘lishi mumkin.