Turkiya Rossiyadan gaz ta’minoti uchun 25 foizlik chegirmaga erishmoqchi
Turkiya Rossiya gazini yetkazib berishda 25 foizdan ortiq chegirmaga erishmoqchi. Anqara ertaga, 9-dekabr kuni Moskva bilan muzokaralar davomida import narxlarini pasaytirish shartlarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg turkiyalik yuqori martabali amaldorlarga tayanib xabar berdi.
Foto: Bloomberg
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, turk tomoni chegirma nafaqat 2023-yil uchun to‘lovlarga, balki 2022-yilda amalga oshirilgan to‘lovlarga ham tatbiq etilishini kutmoqda.
Agar tomonlar narxni pasaytirish bo‘yicha kelishuvga erisha olmasalar, Bloomberg aniqlik kiritishicha, Anqara Rossiya gazini yetkazib berish uchun to‘lovlarni 2024-yilgacha kechiktirishga erishmoqchi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bilan kelishuv 2022-yil boshidan buyon 37,8 foizga tushib ketgan turk lirasi uchun bosimni yumshatishi mumkin.
Bundan tashqari, kelishuv Turkiyaning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga 2023-yilgi prezidentlik saylovlari oldidan energiya narxining oshishidan qochishga yordam berishi mumkin.
Turkiya Statistika instituti (Turkstat) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil oktabr oyi natijalariga ko‘ra, Rossiyadan mineral yoqilg‘i, xususan, ko‘mir, neft va tabiiy gaz importi 25 foizga kamaygan.
Avvalroq Turkiya Yevropani gaz bilan ta’minlamoqchiligi haqida xabar berilgan edi.