Istomin Dubaydagi turnirning juftlik bahslarida chorak finalga chiqdi
O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tennis bo‘yicha o‘tkazilayotgan Dubai Duty Free Tennis Championships xalqaro turnirining juftliklar musobaqasida chorak finalga chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mukofot jamg‘armasi 1,9 million AQSh dollarini tashkil etgan mazkur musobaqada hamyurtimiz hindistonlik Maxesh Bxupati bilan bahslarga kirishdi. Ushbu juftlik birinchi bosqichda Oliver Marax va Florin Mergya (Avstriya / Ruminiya) duetini 4:6, 6:3, 16:14 hisobida mag‘lub etdi.
Endi Istomin va Bxupati juftligi yarim final yo‘llanmasi uchun Roxan Bopanna hamda Aysam al-Haq Qurayshi (Hindiston / Pokiston) dueti bilan kuch sinashadi.
Xalqaro turnir 1-martga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, Denis Istomin ushbu musobaqaning yakkalik bahslarida dunyoning ikkinchi raketkasi serbiyalik Novak Jokovichga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan edi.