“Sport” kanali Yevropa chempionatlariga bag‘ishlangan yangi ko‘rsatuvni efirga uzatadi
1-martdan boshlab “Sport” telekanalida yangi “Futbol kuni” ko‘rsatuvi namoyish etiladi. Unda Ispaniya, Italiya, Angliya chempionatlarining diqqatga sazovor o‘yinlari sharhlab boriladi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidagi ishonchli manbalarimizning xabar berishicha, futbol matchi to‘liq efirga uzatilmay, jonli efirda to‘rt sharhlovchi muhokama qilib boradi va parallel ravishda o‘yin ham namoyish etiladi.
“Sado” gazetasida “Sport” kanali ko‘rsatuvlari dasturi. Foto: “Daryo”
1-mart soat 19:50 da Angliya chempionatining “Fulxem”—“Chelsi”, 22:20 da Germaniya chempionatining “Bavariya”—“Shalke-04”, 2-mart kuni 00:45 da Italiya chempionatining “Roma”—“Inter”, 20:45 da Ispaniya chempionatining “Atletiko”—“Real”, 3-mart kuni 00:30 da Italiya chempionatining “Milan”—“Yuventus” o‘yinlari namoyish etiladi.
Bundan tashqari, shu haftadan boshlab Fransiya chempionati o‘yinlari o‘rniga Angliya premyer ligasi o‘yinlarini “Interfutbol” ko‘rsatuvida to‘liq namoyish etish haqida ko‘rsatma berilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar Angliya, Ispaniya, Italiya chempionatlarini translyatsiya qilish uchun rasmiy shartnoma tuzilmagan.
Eslatib o‘tamiz, shu haftadan “Yevrotaym” ko‘rsatuvi yangi davriylik bilan efirga uzatiladi. Ushbu dastur bugungi kungacha haftada bir marta efirga uzatilib, jurnalistlar Yevropa chempionati natijalari haqida yakuniy sharh tayyorlagan bo‘lsa, endilikda u haftada uch marta — Angliya, Ispaniya, Italiya chempionatlari bo‘yicha alohida sharhlar bilan efirga uzatiladi. Ko‘rsatuv xronometraji avvalgidek 50 daqiqa bo‘lib qoladi.