O‘zbek sportchilari ParaOsiyo o‘yinlariga 7 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida paralimpiyachilar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-pri turnirida o‘zbekistonlik yetti nafar sportchi Incheonda bo‘lib o‘tadigan ParaOsiyo o‘yinlari litsenziyalarini qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Dunyoning 38 davlati vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur musobaqada Vatanimiz sharafini himoya qilgan sakkiz nafar sportchi jami 11 ta medal sohibi bo‘ldilar. Qo‘lga kiritilgan medallarning sakkiztasi oltin medaldir.
O‘zbekistonlik paralimpiyachilar nafaqat erishilgan muvaffaqiyatlar bilan, balki g‘oyatda murosasiz kurashlar ostida kechgan musobaqalarda to‘rt marotaba Osiyo rekordlarini o‘rnatganliklari bilan ham muhlisu-mutaxassislar e’tiborini qozondi.
“Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Gran-Pri turnirida ParaOsiyo o‘yinlarining yo‘llanmalari o‘ynalgani har bir musobaqani yanada murosasiz o‘tishini ta’minladi. Bu bejiz emas, chunki ParaOsiyo o‘yinlarida 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarining litsenziyalari ham o‘ynaladi, — deydi O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Umidjon Ahmadjonov. — Shu bois qit’aning barcha davlatlari, avvalo, ParaOsiyo o‘yinlari, keyin esa Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmalarini ko‘proq qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda. Oldinda qit’a o‘yinlariga litsenziyalar o‘ynaladigan qator musobaqalar turibdi”.
Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqada paralimpiyachilar Faxriddin Hamroyev va Yoqutxon Xolbekovalar ham 800 metr, ham 1500 metr masofaga yugurish bahslarida Osiyo rekordlarini yangiladi.