O‘zbekistonlik ikki paralimpiyachi Osiyo rekordlarini yangiladi
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida paralimpiyachilar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha davom etayotgan Gran-pri turnirida Faxriddin Hamroyev 800 metr masofaga yugurish musobaqasida 1:53:20 soniya natija ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egallash bilan birga yana Osiyo rekordini yangiladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Gran-Pri turnirida Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan Yoqutxon Xolbekova ham xotin-qizlar o‘rtasida 800 metr masofaga yugurish musobaqasida marra chizig‘iga birinchi bo‘lib keldi va 2:22:62 soniya natija bilan Osiyo rekordini yangiladi.
Kecha bo‘lib o‘tgan musobaqalarda, shuningdek, Ubaydulla Imomqulov 1500 metr masofaga yugurishda 4:37:37 soniya natija bilan navbatdagi oltin medalni terma jamoa hisobiga qo‘shdi.
Yengil atletikaning uzunlikka sakrash musobaqasida ishtirok etayotgan Farrux Mirzaqulov 6 metr 36 santimetr natija bilan kumush medal sohibi bo‘ldi.
Shu tariqa, bugungi kunga qadar bo‘lib o‘tgan musobaqalar yakunlariga ko‘ra terma jamoamiz hisobida beshta oltin va uchta kumush medal mavjud.
Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqaning 1500 metr masofaga yugurish bahsida ham o‘zbekistonlik sportchi Faxriddin Hamroyev 4 daqiqayu 03,94 soniya natija ko‘rsatib oltin medalni qo‘lga kiritish bilan birga Osiyo rekordini yangilagan edi.