Ronaldu Messini tabriklab xat yozdi
Bugun Yahoo! saytida antiqa bir “maktub” e’lon qilindi. Unda Krishtiano Ronaldu “Barselona” futbolchisi Leo Messiga o‘zining “dil izhorlari”ni bitgan. Maktub mazmuni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Krishtiano Ronaldu. Foto: yahoo.com
Qadrdonim Leo,
Men senga ushbu maktubni Oltin to‘pni qo‘lga kiritganing munosabati bilan yozmoqdaman. Yuz ifodamdan anglaganingdek, sen uchun judayam xursandman. Seni taqdirlash marosimida tabriklay olmaganim uchun kechir, chunki mening bo‘yim balandligi hamda sening ozg‘inliging va bo‘ying kaltaligi sababli odamlar orasidan seni topolmadim. Shuningdek, ba’zilarning seni chiroyli bezatilgan kostyuming hamda galstugingni ko‘rib hazil tariqasida kulgach, meni ko‘rib kiyimlarimga mos tarzda kiyinib kelish uchun uyingga tezda jo‘nab ketishingni xohlamadim. Ko‘rib turganingdek, men shunchalar uzoqni o‘ylaydigan odamman.
Bu yil men uchun ham, sen uchun ham o‘zgacha o‘tdi. Sen menga qaraganda ko‘proq gol urib rekord o‘rnatding. Albatta, aqlli insonlar yaxshi biladi-ki, jamoaviy g‘alabalar shaxsiy yutuqlardan ustun turadi va men klubimning La Ligada g‘olib chiqishi uchun ko‘maklashgan davrda sen klubingga Copa del Reyni yutishiga yordamlashding. Mening klubim faqatgina Copa del Reyni qo‘lga kiritgan yilda men Oltin to‘pni ololmagandim. Bundan ko‘rinib turibdiki, ovoz beruvchilar mendan senga qaraganda ko‘proq narsa kutisharkan.
Har qanday holatda ham Oltin to‘pni rekord natija ya’ni to‘rt marta qo‘lga kiritding. Taxminimcha, bundan xursandsan. Hammasidan ham qizig‘i, sen barcha unvonlarni bir klubda to‘p tepib qo‘lga kiritding. Men esa La Liga va Premyer ligadagi klublarda o‘ynab qo‘lga kiritganman. Biroq faqatgina kamchilik jismoniy iqtidorli, ruhiy kuchli futbolchilargina turli klublar va turli ligalarda o‘ynab keta olishini hisobga olsak, sen shu borada ozgina xafa bo‘lishing mumkin.
Odamlar sen va meni taqqoslashga harakat qilishadi, biroq bu yerda hech qanday qiyoslaydigan narsa yo‘q. Bizning o‘xshash tomonlarimiz, ikkimizning ham ismimiz amerikalik mashhur insonlarning nomlariga qo‘yilgan, ya’ni mening ismim aktyor, ikki karra Amerika prezidenti Ronald Reyganning nomidan olingan bo‘lsa, seniki esa mashhur qo‘shiqchi Leonel Richining ismiga qo‘yilgan. Men yoshligimdan bo‘yi baland, tabiatan baquvvat o‘sdim, sen esa xuddi Armstrong kabi qandaydir garmonlar yetishmovchiligi bilan o‘sding. Men rasmiy tadbirlarda smoking kiyib yurgan vaqtimda, sen oddiy masxaraboz kiyimida yurarding. Shunday ekan bizni solishtirish g‘irt bema’nilik.
Xulosa qiladigan bo‘lsam, Leo, seni tabriklayman. Biroq unutma, nechta Oltin to‘pni qo‘lga kiritganingdan qat’i nazar, men uni sendan avval qo‘lga kiritganman.
Hurmat bilan, Krishtiano Ronaldu
P.S.Xatimni so‘zlasha oladigan ko‘p tillarimdan biri ingliz tilida yozganim uchun sendan uzr so‘rayman, zero sen faqatgina ispan tilida so‘zlasha olasan. Balki Pikedan iltimos qilsang, xatimni ispan tiliga tarjima qilib berar.